26-iyun — Xalqaro giyohvandlik va giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Chiroqchi tumani hokimi Bahodir Xudoyqulovning tuman aholisi va yoshlariga MUROJAATI
2026-06-20 19:15:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Hurmatli chiroqchiliklar!
Aziz yoshlar, muhtaram ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari!
Bugungi kunda insoniyat oldida turgan eng dolzarb va jiddiy muammolardan biri — giyohvandlik hamda psixotrop moddalarning noqonuniy tarqalishiga qarshi kurashish masalasidir. Ushbu xavfli illat inson salomatligi, oilalar mustahkamligi va jamiyat taraqqiyotiga katta tahdid solayotgan omillardan biridir.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda sun’iy ravishda ishlab chiqarilayotgan sintetik giyohvandlik vositalari va psixoaktiv moddalarni internet tarmoqlari hamda zamonaviy texnologiyalar orqali yoshlar orasida tarqatishga bo‘lgan urinishlar barchamizdan yanada hushyorlik, ogohlik va mas’uliyat talab etmoqda. Afsuski, ayrim g‘arazli shaxslar kiberhududlardan foydalanib, yoshlarimizni turli aldovlar va yolg‘on va’dalar bilan o‘z ta’sir doirasiga tortishga harakat qilmoqda.
Hurmatli ota-onalar! Farzandlarimizning taqdiri, kamoloti va kelajagi, avvalo, oiladagi sog‘lom muhit, mehr-oqibat va to‘g‘ri tarbiyaga bog‘liq. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sportga, kitobxonlikka, ilm-fanga va zamonaviy texnologiyalarni o‘rganishga yo‘naltirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Farzandlarimizning qiziqishlari, do‘stlari, atrofidagi muhit va axborot makonidagi faoliyatiga befarq bo‘lmaylik. Ularga o‘z vaqtida e’tibor va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish har birimizning muqaddas burchimizdir.
Aziz yoshlar! Siz — Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi, Chiroqchining kelajagi va taraqqiyotining ishonchli poydevorisiz. Hayotda ulkan marralarni zabt etish, ota-onangiz va Vatanimizga munosib farzand bo‘lish, avvalo, sog‘lom turmush tarzi, qat’iyat va yuksak maqsadlar bilan chambarchas bog‘liq. Hech qachon hayotingiz, salomatligingiz va porloq kelajagingizga xavf soluvchi zararli odatlarga yaqinlashmang. Irodangizni mustahkamlang, vaqtingizni ezgu maqsadlar sari sarflang. Unutmang, haqiqiy muvaffaqiyat va yuksak marralar — bilimda, sportda, halol mehnatda, kitobxonlikda hamda zamonaviy bilim va texnologiyalarni egallashdadir!
Qadrli tumandoshlar! Yosh avlodni turli tahdid va yot g‘oyalardan asrash, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk avlodni voyaga yetkazishda davlat idoralari, ta’lim muassasalari, mahalla faollari, nuroniylar va keng jamoatchilikning hamjihatligi bugun har qachongidan ham muhimdir.
Keling, barchamiz birgalikda jonajon tumanimizda sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish, yoshlarimizni giyohvandlik va boshqa zararli illatlardan himoya qilish yo‘lida yanada faol va birdam bo‘laylik. Farzandlarimizning baxtli kelajagi, oilalarimiz tinchligi va yurtimiz ravnaqi yo‘lida giyohvandlikka qarshi kurashish — barchamizning umumiy va oliy vazifamizdir!
Hurmat bilan, Bahodir Xudoyqulov Chiroqchi tumani hokimi
