Buxoroda ommaviy sportni rivojlantirishda yangi bosqich
2025-03-10 16:55:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish borasidagi islohotlar natijasida shu oʻzgarishlardan bahramand boʻlib ulgʻayayotgan yigit-qizlar jahon arenalarida munosib oʻrin egallamoqda, yurtimiz bayrogʻini dunyo uzra baland koʻtarmoqda. Chunki yoshlarimizdagi sportga boʻlgan qiziqish doimo qoʻllab-quvvatlanmoqda va sport sohasini dunyo miqyosida rivojlantirish masalalariga birinchi galdagi vazifa sifatida eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida joriy yil 13-fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi, unda belgilangan yangi oʻzgarish va tartiblar, imkoniyatlar hamda tashabbuslar ham yuqoridagi islohotlarning yuksak zalvorini aniq koʻrsatib berdi. Yigʻilishda sport sohasi chuqur tahlil qilinar ekan, rivojlanish yoʻlining toʻgʻri manzillari aniq koʻrsatildi. Bunda tizimda yondashuvlarni oʻzgartirish, yoshlarni sportga, ayniqsa, olimpiya sport turlariga tayyorlash, ularni seleksiyalash, ragʻbatlantirish boʻyicha mutlaqo yangi metod yaratish zarurligi, Los-Anjelesdagi yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Olimpiya qoʻmitasining hududiy boʻlimlarini tashkil etish, ularga viloyat hokimlari boshchilik qilishi, shuningdek, joriy yilda kamida 10 nafardan sportchi va murabbiyni eng nufuzli xorijiy sport akademiyalarida oʻqitish kabi tashabbuslar ilgari surildi.
Ahamiyatlisi, sportchilarni kelgusi Olimpiadaga tayyorlash uchun zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard soʻm ajratilishi, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida sportchilarning muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash uchun joylardagi 310 ta sport maktabi milliy terma jamoalarning seleksiya bazasiga aylantirilishi belgilandi.
Yigʻilishda mamlakatimiz aholisi oʻrtasida jismoniy faollikni oshirish, sport infratuzilmasini yaxshilash va yoshlarni sportga keng jalb etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida sport bilan muntazam shugʻullanuvchilar ulushini kamida 50 foizga yetkazish masalasi ham eʼtibor markazida boʻldi. Buning uchun har bir oliy taʼlim muassasasida sport seksiyalari soni oshiriladi, sport inshootlari modernizatsiya qilinib, talabalar uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
Bu jarayonda yoshlar oʻrtasida sportni ommalashtirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida oliy taʼlim muassasalarida sport toʻgaraklari va musobaqalarini koʻpaytirish, talabalarni sportga jalb etish boʻyicha targʻibot ishlarini koʻpaytirish lozim albatta.
Mazkur tashabbuslar yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishini taʼminlash, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish ham boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishga xizmat qiladi.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Buxoro, Nukus, Fargʻona, Samarqanddagi kabi sport fakulteti boʻlgan oliygohlar professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlari, bitiruvchi kurs va magistratura talabalarini olti oyga sport maktablariga biriktirish amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi taʼkidlanar ekan, bu muhim tajribani qoʻllash imkoniyati Buxoro davlat universitetda ham mavjudligi bizni behad quvontirdi.
Ayniqsa, oliygohlar rektorlariga yangi metodika va yondashuvlarni bevosita shu yerda joriy qilib, sport maktablarini dual taʼlimning ilmiy-amaliy bazasiga aylantirish imkoni berilayotgani endilikda sport ilmi va amaliyoti uygʻunligi uzlyuksiz taʼminlanishi, sport maktablarida taʼlim sifati, ilmiy salohiyat, raqobatbardoshlik oshishi hamda mazkur sohaga qoʻyiladigan investitsiya samaradorligi koʻtarilishi kabi istiqbolli natijalarga yoʻl ochadi.
Bugungi kunda Buxoro davlat universitetida ham sport maktablari bilan hamkorlik, jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish boʻyicha ishlar samarasini koʻrsatmoqda. Avvalo, bu borada jamoamizda ommaviy sport bilan shugʻullanish tartibi toʻgʻri tashkil etilgani, har haftaning ikki kunida erta tongdan professor-oʻqituvchilar, ishchi-xodimlar oʻrtasida badantarbiya mashgʻulotlari oʻtkazilishi, “sport oyligi”, “5.000 qadam”, “velomarafon” hamda “sport kuni” kabi doimiy marafonlar tashkillashtirilayotgani ham talaba-yoshlarga yaxshigina ibrat vazifasini oʻtadi.
Talaba-yoshlarning ommaviy sportga qiziqishini yanada oshirish yoʻlida amalga oshirilgan ishlar natijasida universitetdan “Parij-2024” Paralimpiadasi oltin medali sohibi Jismoniy tarbiya va sport fakulteti dotsenti Sherzod Namozov, Jismoniy tarbiya yoʻnalishi magistranti Abdumalik Xalloqovlar kabi chempion talabalar yetishib chiqdi. Bugungi kunda viloyatimizdagi sport maktablari va oliygohning chempionlikni koʻzlagan koʻplab yoshlari ushbu talabalarimiz mahoratlarini ustoz-shogird yoʻnalishida birga oʻzlashtirib bormoqda.
Shuni aytish joizki, yakkakurash sport turlaridan tashqari jamoaviy sport turlariga ham Buxoro davlat universiteti talaba sportchilari oʻrnak darajasida shugʻullanib kelmoqdalar. BuxDU futbol jamoasi 1-liga oʻyinlarida, BuxDU basketbol jamoasi Oʻzbekiston kubogi va Oʻzbekiston chempionatlarida faol qatnashib kelmoqda. BuxDU voleybol jamoasining muvaffaqiyatlari esa alohida eʼtirofga loyiq. Misol tariqasida “Universiada-2022” musobaqasida faxrli 1-oʻrin, “U23 Oʻzbekiston kubogi”da 3-oʻrin, “Besh tashabbus olimpiadasi” 2023-yilgi mavsumida yigitlarimiz Respublika chempionlari, qizlarimiz esa 2-oʻrin, “U20 Oʻzbekiston kubogi 2023”da faxrli 1-oʻrin, “Talabalar ligasi” 2024 mavsum respublika bosqichida yigitlarimiz faxrli 1-oʻrin hamda qizlarimiz 2-oʻrin, “Besh tashabbus olimpiadasi” 2024 mavsumda yigitlarimiz faxrli 2-oʻrin qizlarimiz esa Respublika chempioni, “U20 Oʻzbekiston kubogi 2024”da faxrli yigitlarimiz 1-oʻrin qizlarimiz esa 2-oʻrin hamda “Universiada 2025” sport musobaqalarida yigitlarimiz universiada chempioni qizlarimiz esa 3-oʻrinni olganlarini taʼkidlab oʻtish joizdir.
2024-yilning avgust oyida talabalarimizning 6 nafari Markaziy Osiyo CAVA musobaqasida qatnashib, Markazi Osiyo chempioni boʻlib qaytishdi. Ushbu musobaqada talabalarimizdan Murobiddinov Saidjamol “eng yaxshi hujumchi”, Murodov Mirziyod “eng yaxshi bogʻlochi”, Haydarov Ogʻabek “eng yaxshi oʻyinchi” nominatsiyalariga ega boʻlishdi. Albatta ushbu erishilgan yutuqlarni negizida ustozlarning mehnati juda muhimdir. Jumladan Buxoro davlat universiteti rektori Xamidov Obidjon Xafizovichning shaxsan oʻzlari ushbu musobaqalarning hammasida, har bir oʻyinlarda sportchilar oldida murabbiylar bilan birga boʻlib, yetakchilik qilishlari alohida eʼtirofga loyiq. Malakali murabbiylarimizdan Buxoro davlat universiteti dotsentlari Farrux Narzullayev Ashrapovich hamda Maqsud Maxmudov Kamolovichlar, oʻqituvchilardan Qurbonov Hakim Haydarqulovich hamda Gafurova Moxira Yunusovnalar kuni-tun sportchi-talabalimiz bilan mashgʻulotlarda, musobaqalarda hamda dars jarayonlarida oʻz mahoratlari bilan boʻlishib kelmoqdalar.
Talabalar universitet sport majmuasi va barcha turdagi sport zallari, sport anjomlaridan doimiy ravishda foydalanadi va ular uchun hamisha jismoniy madaniyat fakulteti professor-oʻqituvchilari mashgʻulotlari, kutubxonalar ochiq.
Bu yutuqlar, erishilgan gʻalabalar negizini xolis tahlil qilgan holda aytish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan sport sohasidagi barcha tashabbuslar sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashda oliy taʼlim muassasalari uchun eng muhim omil boʻlmoqda.
Xulosa qilib aytganda, yoshlarimizdagi oʻzgarishlar va sohadagi katta siljishlar, oʻzbek sportidagi muvaffaqiyatlar joriy yilda yanada yorqinroq yuzaga chiqa boshladi. Bu esa davlatimiz rahbarining oʻzi shaxsiy namuna boʻlib, kelajak egalariga koʻrsatayotgan hayotiy ibrati meva bera boshlagani ifodasidir.
Vatanparvar, shijoatli yoshlar uchun bu yurtda munosib ragʻbat bor ekan, albatta bu mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch egalari yetishib chiqaveradi.
Hakim Qurbonov,
BDU sport faoliyati kafedrasi oʻqituvchisi, BuxDPI tayanch doktorant