Buxoroda shaxmat bo'yicha O'zbekiston chempionati start oldi
2025-02-21 15:35:00 / Yangiliklar

O'n kun davom etadigan musobaqada mamlakatimizning barcha hududlaridan mazkur musobaqaning quyi bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Qoraqalpog’iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahri terma jamoalari tarkibidagi 500 nafarga yaqin yosh shaxmatchilar O‘zbekiston chempionligi uchun dona suradi.
Musobaqalar "Universal sport majmuasi"da bo'lib o'tmoqda. Bugun ushbu chempionatning ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyat hokimi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi Buxoro viloyati hududiy bo‘limi raisi Botir Zaripov, sport vaziri o’rinbosari Shahrullo Mahmudov, respublika shaxmat federatsiyasining vitse-prezidenti, Xalqaro shaxmat akademiyasi direktori Komiljon Sindarovlar so'z olib, musobaqa ishtirokchilarini qizg'in tabriklab, ishtirokchilarga omad tiladilar.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sport bilan shug‘ullanadigan aholi safini yanada kengaytirish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilmoqda.
So‘nggi yillarda yurtimizda barkamol avlodni tarbiyalash, sport turlari, xususan, shaxmatga berilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin amaliy natijasini O‘zbekiston shaxmat ustalarining xalqaro maydonda qayd etayotgan muvaffaqiyatlaridan ham ko‘rsa bo‘ladi.
14-18-yoshli yigit va qizlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati shaxmat musobaqasi va shu kabi tashkil etilayotgan ko‘plab musobaqalarning zamirida ham bir ma’no bor, ya’ni bu ishonch.
Bugun bu yerda nafaqat sovrindor bo‘lgan, g‘alaba qozongan, balki musobaqada qatnashgan—dona surgan har bir yosh shaxmatchilarimizning kelgusida Rustam Qosimjonov, Nodir Yoqubboyev, Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov kabi dunyo tan olgan sportchilar bo‘lib yetishishlariga bo‘lgan ishonchdir.
Tadbir davomida hududlarda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini yanada oshirish, xususan, “Besh tashabbus olimpiada”si musobaqalarini tashkil etishdagi alohida jonbozligi uchun Shofirkon va Jondor tumanlari hokimlari “Jismoniy tarbiya va spoot a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishdi. Shundan so‘ng musobaqalarga rasman start berildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati