RASMIY MUNOSABAT
2026-09-21 12:30:00 / Rasmiy munosabatlar
Baliqchi tumani “Chinobod” MFYda mahalla budjeti mablag‘lari va aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan ko‘mir mahsulotlari yuzasidan tarqalgan murojaat bo‘yicha
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomaterialda Andijon viloyati Baliqchi tumani “Chinobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan mahalla budjeti mablag‘larining 48 million so‘mi o‘zlashtirilgani hamda aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan ko‘mir mahsulotlari sotib yuborilgani haqida iddaolar bildirilgan.
Mazkur holat yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgan masalalar tuman hokimligi tomonidan jiddiy nazoratga olingan.
Mahalla budjeti mablag‘larining sarflanishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-402-son qarori hamda tegishli nizom talablari asosida o‘rganilmoqda. Shuningdek, aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan ko‘mir mahsulotlari bilan bog‘liq holat yuzasidan ham tegishli idoralar ishtirokida qo‘shimcha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tekshiruv yakunlari bo‘yicha holatga huquqiy baho beriladi. Agar qonunbuzilish holatlari o‘z tasdig‘ini topsa, aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.
Mazkur masala tuman hokimligi nazoratida.
