Chinobodda zamonaviy baliqchilik texnologiyalari va dual ta’lim uyg‘unlashmoqda
2026-10-06 10:30:00 / Yangiliklar

Baliqchilik tarmog‘ida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda sohaga malakali kadrlarni tayyorlash borasida yangi amaliy yondashuvlar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Korxonada forel, sazan, osyotr va oq baliq kabi turdagi baliqlar zamonaviy texnologiyalar asosida parvarishlanmoqda.
Alohida e’tiborga molik jihat — forel baliqlarini biomembranali maxsus havzalarda yetishtirish yo‘lga qo‘yilganidir. Mazkur texnologiya suvdan oqilona va samarali foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda baliq yetishtirish hajmini ko‘paytirish imkonini beradi.
Korxonada ishlab chiqarish jarayonlari bilan bir qatorda dual ta’lim tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. Oliy ta’lim muassasalari talabalari va texnikum o‘quvchilari baliqchilik yo‘nalishidagi nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Mazkur yondashuv yoshlarni amaliy kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga, ishlab chiqarish talablariga mos mutaxassislarni tayyorlashga hamda ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Chinoboddagi tajriba baliqchilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, zamonaviy suv texnologiyalaridan foydalanish va sohaga yangi avlod mutaxassislarini jalb etish borasidagi amaliy yechimlardan biridir.
Bu yerda suv resurslari nafaqat mahsulot yetishtirish manbai, balki innovatsiya, ta’lim va yangi imkoniyatlarni birlashtiruvchi muhim omilga aylanmoqda.
