RASMIY MUNOSABAT
2026-09-15 21:30:00 / Rasmiy munosabatlar
Ijtimoiy tarmoqlarda Baliqchi tumanida yashovchi fuqaro Mahmudov Sherzodbek Bahromovich tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, rahbar o‘rinbosari Komil Allamjonov hamda Matbuot kotibi Sherzod Asadovga videomurojaat yo‘llangani haqida xabar tarqaldi.
Mazkur murojaatda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilar tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Aniqlanishicha, Mahmudov Sherzodbek Bahromovich 1987-yil 16-martda tug‘ilgan bo‘lib, Baliqchi tumani, Omonariq MFY, Omonariq ko‘chasi, 17-uy, 18-xonadonda istiqomat qiladi.
Fuqaro Prezidentning Virtual qabulxonasi orqali jami 8 marotaba murojaat qilgan. Murojaatlar tuman/shahar prokurori (o‘rinbosari) qabuli, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, hokim yordamchisining xatti-harakatlari, mahalla raisining xatti-harakatlari va faoliyati, gaz ballonini to‘ldirishdagi muammolar hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati bilan bog‘liq masalalarni qamrab olgan.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, ushbu murojaatlarning 5 tasi ijobiy hal etilgan, 2 tasi esa huquqiy tushuntirish berish orqali hal etilgan.
Fuqaroning ayni vaqtdagi asosiy e’tirozi ko‘p qavatli uylarning yong‘in xavfsizligi yo‘lagi hamda 39-sonli umumta’lim maktabi hududiga qurilgan bino bilan bog‘liq ekanligi aniqlandi.
Mazkur holat Andijon viloyati qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilgan. O‘rganish natijasida qurilmaning belgilangan tartibda tegishli ruxsat hujjatlarisiz barpo etilgani aniqlanib, fuqaroga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy chora qo‘llanilgan.
Shunga qaramasdan, fuqaro tomonidan ushbu qurilmaga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish so‘ralmoqda.
Ta’kidlash lozimki, qurilish obyektlarini kadastr hisobidan o‘tkazish va ularga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaldagi qonunchilik talablari asosida amalga oshiriladi. Bunda qurilishning qonuniyligi, yer uchastkasiga bo‘lgan huquq hamda boshqa zarur hujjatlar mavjudligi inobatga olinadi.
Shu sababli, qonunchilik talablariga zid ravishda qurilgan va yong‘in xavfsizligi yo‘lagi hamda ta’lim muassasasi hududiga daxldor qiluvchi obyektni mavjud holatda kadastr hujjatlari bilan rasmiylashtirish masalasi qonunchilikda belgilangan talablar asosida hal etilishi lozim.
Fuqaroga mazkur masala yuzasidan amaldagi qonunchilik talablari asosida huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Murojaatda ko‘tarilgan masala mutasaddi tashkilotlar tomonidan qonunchilik doirasida nazoratga olingan bo‘lib, fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlari ta’minlanishi hamda masalaga xolis huquqiy baho berilishi yuzasidan tegishli ishlar davom ettiriladi.
