RASMIY MUNOSABAT
2026-09-12 18:00:00 / Rasmiy munosabatlar

Baliqchi tumani, “Farovon” MFY, Oltiariqchek ko‘chasida yashovchi fuqaro A. Abdurahimov tomonidan Prezident Virtual qabulxonasi hamda ijtimoiy tarmoqlar (Telegram kanallari) orqali elektr ta’minoti hamda transformator punktining o‘rnatilishi yuzasidan bildirilgan e’tirozli murojaati Chinobod ETK mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib qayta o‘rganib chiqildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, “Farovon” MFY hududidagi Oltiariqchek ko‘chasi iste’molchilarini, shuningdek, murojaatda keltirilgan fuqaro A. Abdurahimov xonadonini sifatli hamda barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida quyidagi amaliy ishlar bajarilganligi ma’lum qilinadi:
Transformator quvvati oshirilgan: Oltiariqchek mahallasidagi mavjud yuklamani kamaytirish hamda kuchlanishni yaxshilash maqsadida ushbu ko‘chadagi eski 100 kVA quvvatli transformator punkti o‘rniga quvvati yuqori bo‘lgan yangi 160 kVAli transformator punkti o‘rnatilib, ishga tushirilgan.
Elektr uzatish tarmog‘i yangilangan: Oltiariqchek ko‘chasi iste’molchilarining, xususan, murojaatchi A. Abdurahimov xonadonining elektr ta’minotini yaxshilash va tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida 800 metr masofaga zamonaviy SIP-4x35 rusumidagi izolyatsiyalangan havo tarmog‘i (kabeli) tortilgan. Hozirda ushbu yangi tortilgan SIP liniyasiga xonadonlarni bosqichma-bosqich ulash va to‘liq o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.
Hududdagi elektr ta’minoti qamrovini kengaytirish va barqarorlikni ta’minlash maqsadida “Farovon” MFY tarkibidagi Ilmuto‘lib va Saodat ko‘chalariga yangi 2 ta transformator punktlari (TP) olib kelinib, ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda ushbu transformator punkti va yangi tortilgan SIP kabeli orqali Oltiariqchek ko‘chasi hamda unga tutash xonadonlar me’yoriy va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlangan.
Murojaatda keltirilgan “transformator qo‘yilmagan” degan iddao o‘z tasdig‘ini topmadi. Bajarilgan ishlar — 160 kVA quvvatli transformator punkti va 800 metr SIP kabel tarmog‘i — amalda mavjud va faoliyat ko‘rsatmoqda.
