RASMIY MUNOSABAT
2026-09-09 13:00:00 / Rasmiy munosabatlar
Ijtimoiy tarmoqlarda Baliqchi tumanidagi «Agrobank» filiali rahbari va monitoring bo‘limi xodimlarining fermer xo‘jaliklariga ajratilgan kreditlar, xususan, qishloq xo‘jaligi texnikalarining monitoringi hamda kredit qarzdorligi yuzasidan sudga murojaat qilish masalalaridagi faoliyati bo‘yicha murojaat tarqaldi.
Mazkur murojaatda ayrim fermer xo‘jaliklariga nisbatan kredit to‘lovlaridagi kechikishlar bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilayotgani, ayrim holatlarda esa qarzdorlik uzoq muddat davom etganiga qaramasdan tegishli choralar ko‘rilmayotgani haqida e’tirozlar bildirilgan.
Baliqchi tumani hokimligi tomonidan ushbu holatlar yuzasidan tegishli tartibda o‘rganish o‘tkazish uchun «Agrobank» ATBning yuqori turuvchi tashkilotiga ma’lumot taqdim etildi.
Filial tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, kredit shartnomasi talablari bajarilmagan taqdirda mijozga qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha og‘zaki va yozma talablar yuboriladi. To‘lovlar 90 kundan ortiq muddatga kechiktirilgan holatlarda belgilangan tartibda sudga da’vo arizasi kiritilishi qayd etilgan.
Shuningdek, «Agrobank» ATB viloyat boshqarmasida ichki nazorat bo‘limi mavjud bo‘lib, u filiallarda bank amaliyotlarini reja-grafik asosida nazorat qilishi, garovga olingan mol-mulklar va kredit mablag‘lari hisobidan xarid qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalarining holati hamda maqsadli foydalanilishi monitoring qilinishi ma’lum qilingan.
Shu bilan birga, murojaatda ko‘rsatilgan holatlarga oydinlik kiritish, fermer xo‘jaliklariga ajratilgan texnikalarning amalda qayerda va kim tomonidan foydalanilayotgani, kredit majburiyatlarining bajarilishi hamda turli mijozlarga nisbatan chora ko‘rishda bir xil yondashuvga amal qilingan-qilinmaganini vakolatli tashkilotlar tomonidan xolis o‘rganish maqsadga muvofiq.
O‘rganish natijalari bo‘yicha qonunbuzilishi yoki xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, mas’ullarga nisbatan amaldagi tartibda tegishli choralar ko‘riladi.
