RASMIY MUNOSABAT
2026-08-12 10:00:00 / Rasmiy munosabatlar
Ijtimoiy tarmoqlarda Baliqchi tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidagi kadrlar masalasi hamda rahbarlik vakolatlariga oid murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Avvalo, Kamoliddin Toshpo‘latovning Baliqchi tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basi boshlig‘i — boshliq o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi tuman hokimining qarori yoki farmoyishi asosida emas, balki 2026-yil 7-avgust kuni Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘i asosida amalga oshirilgan.
Shu munosabat bilan tuman hokimi Jasurbek Abdurayimov tomonidan maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazilib, ta’lim sifatini yanada oshirish, mavjud masalalarni hamjihatlikda hal etish va tizimda o‘zaro jips hamkorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilingan.
Mazkur uchrashuvni kimnidir rahbar etib tayinlash yoki amaldagi rahbarning vakolatini cheklash sifatida talqin qilish asossiz.
Shuningdek, Nazokatxon Hakimova 2020-yildan buyon Baliqchi tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning rahbarlik vakolatlari amaldagi tartib va qonunchilik asosida davom etmoqda. Tuman hokimligi tomonidan Nazokatxon Hakimovaning sha’ni, qadr-qimmati va rahbarlik maqomiga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘linadi.
Tuman hokimligi ta’lim tizimida mehnat qilayotgan barcha rahbar va xodimlarning professional faoliyatini munosib baholaydi hamda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish yo‘lida ular bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor.
Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan ayrim fikr va da’volar yuzasidan esa tegishli hujjatlar va vakolatli tashkilotlar xulosalarisiz biror shaxsning sha’ni va qadr-qimmatiga daxldor xulosalar chiqarish to‘g‘ri emas.
Tuman hokimligi ta’lim sohasida qonuniylik, ochiqlik, xizmat intizomi va o‘zaro hurmat tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda ta’lim muassasalari rahbarlari bilan hamkorlikni izchil davom ettiradi.
Asosiy maqsad — shaxsiy munosabatlar emas, balki Baliqchi tumanida ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchi va pedagoglar uchun munosib sharoit yaratish hamda yoshlarga sifatli ta’lim berishdir.
