Baliqchi tumanida sun’iy intellekt sohasida xalqaro tajriba va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi
2026-08-06 15:00:00 / Yangiliklar

Baliqchi tumani Sun’iy intellekt markazida davlat organlari xodimlari hamda yoshlar ishtirokida sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish, xalqaro tajribalarni o‘rganish va raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirishga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi.
Tadbir davomida ChatGPT, Gemini AI kabi zamonaviy sun’iy intellekt platformalaridan davlat boshqaruvi tizimida foydalanish, tahliliy hisobotlar, xizmat hujjatlari va taqdimotlarni tezkor hamda sifatli tayyorlash bo‘yicha amaliy master-klass o‘tkazildi. Ishtirokchilarga sun’iy intellekt texnologiyalarining davlat xizmatlari samaradorligini oshirish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish hamda innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishdagi imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Seminar doirasida xalqaro tajribalar, ilg‘or raqamli yechimlar va sun’iy intellekt sohasidagi zamonaviy tendensiyalar muhokama qilinib, mazkur yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or bilim va tajribalarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, IT sohasi mutaxassislari ishtirokida “Sun’iy intellekt va kelajak kasblari” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashi, raqamli kompetensiyalarni rivojlantirishi, xalqaro mehnat bozori talablariga mos malaka va ko‘nikmalarni shakllantirish hamda innovatsion texnologiyalarni puxta o‘zlashtirishning ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini davlat boshqaruvi, ta’lim va tadbirkorlik sohalarida samarali qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan tanishdilar.
Mazkur seminar-trening sun’iy intellekt sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va raqamli iqtisodiyot uchun malakali kadrlar salohiyatini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
