Ma’naviyat va ma’rifat markazi Baliqchi tuman bo‘limi rahbari Go‘zalxon Dehqonovaning joriy yil davomida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti
2026-07-15 00:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Jonajon Vatanimiz — O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining shonli 35 yillik to‘yi arafasida turibmiz. Ortda qolgan yillar, ayniqsa, 2016–2026-yillar oralig‘idagi o‘n yillik davr mamlakatimiz tarixiga tub burilishlar, ulkan bunyodkorlik hamda milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari tashlangan dadil qadamlar davri sifatida muhrlandi.
Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Baliqchi tumanining ham har bir go‘shasi, har bir xonadoni va oilasiga cheksiz quvonch hamda farovonlik olib kirdi.
Jamiyat taraqqiyotining asosi bo‘lgan ma’naviyat sohasida ham tumanimizda tom ma’noda yangi davr boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-son qarori asosida tuman Ma’naviyat va ma’rifat kengashi faoliyati tubdan takomillashtirildi. Birgina 2025-yilning o‘zida tumanda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida 513 ta yirik tadbir o‘tkazilib, ularga jami 164 085 nafar aholi, jumladan 45 ming nafar yoshlar qamrab olindi.
Muhtaram Yurtboshimiz topshiriqlariga asosan 2023-yilda Baliqchi tumanida foydalanishga topshirilgan muhtasham “Ma’naviyat va ma’rifat maskani” tuman aholisi uchun haqiqiy ma’rifat va ziyo markaziga aylandi.
2026-yilning 6 oyi davomida tuman Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tomonidan jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish, aholi o‘rtasida ma’rifiy immunitetni mustahkamlash hamda ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar izchil amalga oshirildi.
Xususan, kengash yig‘ilishlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tasdiqlangan yillik ish rejasiga asosan kengashning 2 marotaba yig‘ilishi o‘tkazilib, unda tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhit holati, olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi hamda mavjud muammolar atroflicha tanqidiy tahlil asosida muhokama qilindi.
Baliqchi tumanida 100 dan ortiq korxona, tashkilot va muassasalarda “Siyosiy ma’rifat soati” muntazam ravishda tashkil etilmoqda.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy mashg‘ulotlar jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni mustahkamlash, fuqarolarning siyosiy ongi va faolligini oshirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, huquqiy bilim va ma’naviy immunitetini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunga qadar “Siyosiy ma’rifat soati” jami 720 marotaba o‘tkazilib, unda 10 800 nafarga yaqin xodim faol ishtirok etdi. Tadbirlar davomida ishtirokchilar davlatchilik asoslari, milliy g‘oya, ma’naviyat, ijtimoiy barqarorlik hamda zamonaviy tahdidlarga qarshi ma’rifiy yondashuvlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini boyitdilar.
Milliy merosimiz, an’analarimiz va urf-odatlarimizga bag‘ishlangan “Milliy meros – ulug‘ ne’mat”, “Ajdodlar amri – bugungi yo‘limiz”, “Tarix sadolari”, “Yurt merosi – avlod maqsadi”, “Urf-odatlar – tarbiya maktabi”, “Milliy an’analar kunlari”, “Milliy liboslar kuni”, “Milliy qadriyatlar maktabi”, “Turmushimizda milliylik”, “Oila va an’ana – mustahkam o‘zlik”, “To‘y-marosimlar madaniyati”, “Uyimizdagi urf-odatlar”, “Bobolar yo‘li” ekskursiyasi, “Milliy liboslar ko‘rgazmasi”, “Yoshlar va milliy an’analar” kabi mavzulardagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda 3623 nafar aholi ishtirok etdi. Shundan 2106 nafari yoshlar, 1300 nafardan ziyodi xotin-qizlar, 412 nafari nuroniylar, 175 nafari tadbirkorlar va 66 nafari ma’naviyat targ‘ibotchilaridir.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Baliqchi tuman bo‘linmasi tomonidan ko‘plab kitoblar taqdimotlari tashkil etildi.
Xususan, xalqimizning sevimli shoirasi Guljamol Asqarovaning “Cho‘g‘ ustida raqs” nomli kitobi taqdimoti Baliqchi tumanidagi kitobsevarlar orasida katta taassurot qoldirdi.
Tuman Ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi J. Abdurayimov hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari ishtirokida “Inqiroz va mutolaa” ma’rifiy loyihasi yoshlar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazildi.
Shuningdek, tuman Ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi J. Abdurayimov tashabbusi bilan “Har haftada bir kitob” shiori ostida “Horijga sayohat” — tuman hokimi kubogi uchun o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yini orqali jami 10 ming nafar yosh kitob mutolaasiga jalb etildi.
Tadbirkor M. Rashidova tomonidan “Markaz” MFY hududida 8 mingdan ortiq badiiy adabiyotlar jamlangan kitob do‘koni tashkil etildi.
“Kino karvon” loyihasi doirasida tumandagi qator ta’lim muassasalari hamda 66 ta mahallada milliy qahramonlarimiz va Vatan fidoyilarining xotirasiga bag‘ishlangan filmlar namoyishi tashkil etilmoqda.
O‘tgan olti oy davomida 120 marotaba targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, ular yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkamlash, ularni faol, mas’uliyatli va birdam shaxslar sifatida tarbiyalash, salbiy ta’sirlardan asrash hamda sog‘lom dunyoqarashga ega avlodni voyaga yetkazishga xizmat qildi.
Mazkur tadbirlarda jami 35 754 nafar aholi vakillari, hamkor tashkilotlar, ziyolilar va ma’rifat targ‘ibotchilari ishtirok etdilar.
Mahallalardagi ma’naviy muhitni mustahkamlash, oilaviy tarbiya va odob-axloq masalalarini muhokama qilish, yoshlar tarbiyasida nuroniylar tajribasidan foydalanish, xotin-qizlar faolligini oshirish hamda oilaviy muammolarni bartaraf etish maqsadida “Oilada muvaffaqiyatli tarbiyaning asosiy mezonlari”, “Bolalarda odob-axloqni shakllantirish usullari”, “Xotin-qizlarning jamiyatdagi roli va ularning faolligini oshirish”, “Hamjihatlik va qo‘shnichilik an’analarini mustahkamlash”, “Keksalar tajribasi – yoshlar uchun ibrat maktabi”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” kabi mavzularda jami 70 ta targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Ularda 4 350 nafar aholi vakillari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-sentabrdagi 589-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan qo‘shma chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va uning ijrosi uchun “Maromiylik marafoni” shtabi tashkil etildi.
27-aprel kuni tuman madaniyat bo‘limida “Maromiylik” loyihasi doirasida davlat xizmatchilari va ijtimoiy soha vakillari uchun “To‘ylar va marosimlarni tartibga solishda davlat va jamoat tashkilotlarining roli” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Unda hokim o‘rinbosarlari, Oila va xotin-qizlar bo‘limlari vakillari, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari, diniy idoralar, “Nuroniy” jamg‘armasi, mahalla faollari hamda vaynerlar qatorida 132 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Shuningdek, “Maromiylik” mavzusidagi bannerlar tayyorlanib, aholi gavjum hududlar va to‘yxonalarga o‘rnatildi, 300 dan ortiq flayer va bukletlar tarqatildi.
Joriy yilning 6 oyi davomida tumandagi 66 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 26 ta tashkilot, 10 ta korxona va 61 ta ta’lim muassasasida jami 70 ta targ‘ibot tadbiri o‘tkazilib, 3 250 nafar aholi qamrab olindi.
Biz Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik to‘yini ulkan yutuqlar va yuksak marralar bilan kutib olmoqdamiz. Islohotlar ortga qaytmas tus olgan ushbu shonli davrda barchamizning shiorimiz va maqsadimiz yagona: “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib yangi hayot va kelajak yaratamiz!”
Baliqchi tumanining zafarlar va ma’rifat yo‘li bardavom bo‘lsin! Yurtimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlardan ruhlanib, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarni sidqidildan ado etish va Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shish barchamizga nasib etsin!
