Baliqchi tumani IIB boshlig‘i Dilshodbek Tojiboyevning 2026-yil 6 oy yakunlari bo‘yicha hisoboti va profilaktik-ogohlantiruvchi murojaati
2026-07-09 12:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, aziz Baliqchiliklar hamda tumanimiz mehmonlari!
Hurmatli Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhit yaratish hamda ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyat yuzasidan profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat yo‘llamoqdaman.
Mazkur murojaatning asosiy maqsadi aholi va mehmonlarimizni mavjud xavf-xatarlardan ogohlantirish, turli jinoyatlardan jabrlanishning oldini olish hamda fuqarolarning hushyorligini oshirishdan iborat.
Shu maqsadda tumanimizda jinoyatlarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki ularning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 6 oyida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida talonchilik, bosqinchilik, bezorilik va avtotransport vositalarini olib qochish kabi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilmadi.
Mahallalarda xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan ishlar natijasida 66 ta mahallaning 30 tasida jinoyatchilik kamaydi, 23 ta mahallada esa umuman jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 189 ta jinoyat fosh etildi, qidiruvda bo‘lgan 14 nafar shaxs ushlandi, bedarak yo‘qolgan 29 nafar fuqaro topilib, oila a’zolariga qaytarildi.
Farzandlariga ta’lim va tarbiya berish borasidagi majburiyatlarini bajarmagan 874 nafar ota-onaga nisbatan ma’muriy ta’sir choralari qo‘llanildi.
Oiladagi zo‘ravonlik holatlarining oldini olish maqsadida 426 ta himoya orderi berildi. Natijada 128 ta oila yarashtirildi, 137 ta oiladagi nizolar bartaraf etildi.
Shuningdek, kiberjinoyatlarning oldini olish maqsadida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Biroq axborot texnologiyalarining rivojlanishi natijasida internet orqali sodir etilayotgan jinoyatlar ham ortib bormoqda. Shu sababli fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan shubhali e’lon va xabarlarga ishonmaslikka chaqiramiz.
Aziz Baliqchiliklar!
Bugungi kunda giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar ham jiddiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ushbu illatning tarqalishining oldini olish barchamizning vazifamizdir.
Joriy yilning 6 oyi davomida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy muomaladagi 874,5 gramm giyohvandlik vositalari aniqlanib, musodara qilindi.
Hurmatli fuqarolar!
Farzandlaringizning tarbiyasi, xulq-atvori va davrasiga e’tiborli bo‘ling. Ularning xatti-harakatlarida salbiy o‘zgarishlarni sezsangiz, zudlik bilan tegishli choralarni ko‘ring va mas’ul idoralarga murojaat qiling.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar xalqimizning tinch, osoyishta va xavfsiz hayot kechirishiga qaratilgan.
Shu bois barchamiz birgalikda:
— jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish;
— jinoyatchilikka qarshi kurashish;
— mahallalarda xavfsiz muhit yaratish ishlarini yanada kuchaytirishimiz zarur.
Bu borada keng jamoatchilik va siz aziz fuqarolarimizning ko‘magi va hamkorligiga tayanamiz.
Murojaatim yakunida barchangizni yana bir bor ogohlikka chaqiraman.
O‘z uyimizni, o‘z mahallamizni o‘zimiz asraylik!
Yurtimiz, tumanimiz va mahallalarimiz tinch bo‘lsin. Xonadonlaringizdan fayz-u baraka arimasin.
E’tiboringiz uchun rahmat!
