Baliqchi tumanida gaz ta’minotini yaxshilashga qaratilgan muhim loyiha boshlandi
2026-06-08 12:00:00 / Yangiliklar

Loyiha doirasida “Chinobod” avtomatik gaz taqsimlash stansiyasidan (AGTS) tortilgan turli bosim va diametrdagi gaz tarmoqlarini yagona tizimga birlashtirish ishlari boshlandi.
Hududdagi Omonariq, Botir, Farovon, Chinobod, Markaz, Sho‘r, Qiyali, Zahkash, To‘da va Nurafshon mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi aholi xonadonlari hamda ulgurji iste’molchilarga tabiiy gazni uzluksiz va bir maromda yetkazib berish maqsadida AGTSdan ikkita yuqori bosimli gaz tarmog‘i tortilmoqda.
Bunda umumiy uzunligi qariyb 20 kilometr bo‘lgan eskirgan gaz tarmoqlari demontaj qilinib, ularning o‘rniga 1 kilometr uzunlikdagi yangi yagona tarmoq yotqiziladi va maxsus kollektor orqali birlashtiriladi.
Mazkur loyiha natijasida hududdagi 3400 ta aholi xonadonida tabiiy gaz bosimi sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda. Shuningdek, 1250 ta xonadon zamonaviy ikki bosqichli gaz ta’minoti tizimiga o‘tkaziladi.
Loyihaning asosiy maqsadi tabiiy gaz bosimini aholi yashash hududlariga yaqinlashtirish hamda kelgusi isitish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ta’minotdagi uzilishlarning oldini olishdan iborat.
Ayni paytda gaz ta’minoti filiali qurilish-montaj boshqarmasi mutaxassislari tomonidan yangi gaz quvurlarini maxsus beton tayanchlarga o‘rnatish va tizimni bosim ostida sinovdan o‘tkazish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Modernizatsiya loyihasini yaqin kunlarda to‘liq yakunlab, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
