Biz haqimizda
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining (keyingi oʻrinlarda Davlat asillik darajasini belgilash palatasi deb ataladi) maqomi, vazifalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berishi tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.
2. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan faoliyat koʻrsatishni tartibga solish, shuningdek, asillik darajasi nazorati sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishida ishtirok etuvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
3. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tizimiga kiradi va oʻz faoliyatida unga hisobot beradi.
5. Davlat asillik darajasini belgilash palatasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan bajarilishi majburiydir.
6. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan mustaqil balansga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga va bank hisobvaraqlariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shuningdek, Davlat asillik darajasini belgilash palatasi nomi yozilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan blankalariga egadir.
7. Davlat asillik darajasini belgilash palatasining rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi;
qisqartirilgan nomi — Davlat asillik darajasini belgilash palatasi;
b) ingliz tilida:
toʻliq nomi — State Assay office under the Ministry of Finance Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — State assay office.
v) rus tilida:
toʻliq nomi — Gosudarstvennaya probirnaya palata pri Ministerstve finansov Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Gosudarstvennaya probirnaya palata.
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi joylashgan joy (pochta manzili):
100000 Toshkent, Yunusobod tumani, Zarafshon koʻchasi, 4.
8. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi binosi tegishlicha qoʻriqlanishi zarur boʻlgan oʻta muhim obyektlar toifasiga kiradi.
Obyektda kirib-chiqish va ichki rejim, shuningdek, obyektni qoʻriqlash bilan bogʻliq boʻlgan tadbirlar, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan maxsus nizom bilan tartibga solinadi.
2-bob. Davlat asillik darajasini belgilash palatasining tashkiliy tuzilmasi
9. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi tizimiga:
markaziy apparat;
hududiy filiallar kiradi.
3-bob. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi va hududiy filiallarning vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Davlat asillik darajasini belgilash palatasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq faoliyat sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda ishtirok etish;
mineral xom ashyodan qimmatbaho metallarni texnologik jarayonlarda, qayta ishlashda kompleks maksimal ajratib olish, ishlab chiqarish, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan oqilona va tejamli foydalanish, shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni sotib olish va sotish ustidan nazorat qilish;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq faoliyat sohasida qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
sotishga moʻljallangan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarining asillik darajasini aniqlash va ularga Oʻzbekiston Respublikasi davlat tamgʻalari qoʻyilishini taʼminlash.
11. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq faoliyat sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda ishtirok etish sohasida:
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq faoliyat sohasida texnik jihatdan tartibga solish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va normativ hujjatlar ishlab chiqilishini amalga oshiradi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, foydalanish, ularning hisobini olib borish va saqlash sohasida davlat siyosatini amalga oshirish va nazorat qilishni taʼminlash masalalarida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa organlar bilan hamkorlik qiladi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi tizimi rivojlangan mamlakatlarning normativ-huquqiy hujjatlarini oʻrganadi va tahlil qiladi, davlat asillik darajasi nazoratini tashkil etish sohasida ilgʻor xalqaro tajribani joriy etadi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarga standartlar, texnik shartlar ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
b) texnologik jarayonlarda qayta ishlashda mineral xom ashyodan qimmatbaho metallarni kompleks maksimal chiqarib olish, ishlab chiqarish, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan oqilona va tejamli foydalanish, shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni sotib olish va sotish ustidan nazorat qilish sohasida:
affinaj tashkilotlarda qimmatbaho metallarni qayta ishlash, ishlab chiqarish, hisobga olish va saqlash, texnologik doiralarda kompleks maksimal chiqarib olish ustidan doimiy davlat nazoratini taʼminlaydi;
sanoat tashkilotlarining tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan ikkilamchi xom ashyosini respublikada va chet elda qayta ishlash uchun olib chiqishga tayyorlashda qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etadi, ularning asillik darajasini aniqlash va tahlil qilishda, qayta ishlovchining tashkilotida qimmatbaho metallar chiqarib olinishida, ulardan texnologik buyumlar tayyorlanishida, ular keyinchalik respublikaga yetkazib berilishi uchun qabul qilinishi, test sinovdan oʻtkazilishida ishtirok etadi;
oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ijro etishi majburiy boʻlgan normativ va yoʻriqnoma hujjatlarni kelishadi;
asillik laboratoriyalari va boshqa laboratoriyalar tomonidan amalga oshiriladigan namunalarda qimmatbaho metallar mavjudligi toʻgʻri aniqlanishi ustidan nazorat qiladi;
v) qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq faoliyat sohasida qonun hujjatlariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:
qonun hujjatlariga muvofiq qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar, shuningdek, ulardan tayyorlangan buyumlar muomalasi sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar tomonidan majburiy talablarga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan operatsiyalar sohasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish ustidan nazorat qiladi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar savdosi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini, ular tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sotishga qoʻyiladigan buyumlarning asillik va tamgʻalash boʻyicha qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishini joyning oʻziga chiqib oʻrganadi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan ishlashga roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomalarini beradi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlari ishlab chiqarishga litsenziyalar beradi;
g) sotishga moʻljallangan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarining asillik darajasini aniqlash va ularga Oʻzbekiston Respublikasi davlat tamgʻalari qoʻyilishini taʼminlash sohasida:
zargarlik buyumlari texnik jihatdan tartibga solish sohasida belgilangan normativ hujjatlarga muvofiq boʻlganda tamgʻalashni amalga oshiradi;
texnik ekspertizani amalga oshiradi va qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardagi har xil materiallar, buyumlarni tahlil qiladi, shuningdek, qimmatbaho toshlar diagnostikasini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi davlat asillik darajasi tamgʻalarining izlari ekspertizasini oʻtkazadi;
qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlarning asillik va tamgʻalash bilan bogʻliq yuridik ahamiyatga ega boʻlgan harakatlarni amalga oshirganlik, shuningdek, boshqa xizmatlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan asillik darajasi toʻlovlarini undiradi;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning buyurtmanomalari boʻyicha asillik darajasi reaktivlari tayyorlanishini amalga oshiradi;
12. Sotish uchun moʻljallangan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarining asillik darajasini belgilash va Oʻzbekiston Respublikasi davlat tamgʻalari bilan tamgʻalashni taʼminlash hududiy filiallarning asosiy vazifalari hisoblanadi.
13. Hududiy filiallar ularga yuklangan asosiy vazifaga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradilar:
zargarlik buyumlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi belgilangan normativ hujjatlarga muvofiq boʻlganda ularni tamgʻalaydi;
qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamgʻalash bilan bogʻliq yuridik ahamiyatga ega boʻlgan harakatlarni amalga oshirganlik, shuningdek, boshqa xizmatlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan asillik darajasi toʻlovlarini undiradi.
