Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar savdosida qonuniylik va shaffoflik: Profilaktika hamda tizimli nazorat tadbirlarining mohiyati
2026-06-26 09:30:00 / Faoliyatga oid ma'lumotlar

Nazorat poydevori — huquqbuzarliklarning oldini olish
Inspeksiya faoliyatining bosh mezoni shundan iboratki, nazorat faqatgina tekshirish va jazolashdan iborat emas, balki tizimli profilaktika orqali huquqbuzarliklarning oldini olishdan iboratdir. Shu maqsadda nazorat-taftish yo‘nalishida profilaktika ishlariga alohida ehtiyoj va e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirkorlik subyektlarining vaqti va resurslarini tejash maqsadida joriy etilgan masofaviy ochiq muloqotlar, onlayn seminarlar, huquqiy tushuntirishlar va amaliy maslahatlar orqali biznes vakillariga amaldagi qonunchilik talablari sodda tilda tushuntirib kelinmoqda. Bunday yondashuv natijasida tadbirkorlar o‘z faoliyatini qonun buzilishlarisiz, dastlabki bosqichdanoq to‘g‘ri va tizimli tashkil etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
Ushbu profilaktika ishlari o‘zining yorqin samarasini bermoqda. Xususan, 2026-yilning may oyiga qadar respublika bo‘yicha 538 ta profilaktika tadbiri muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada o‘sganini ko‘rsatadi va soha vakillari bilan muloqotning yangi bosqichga chiqqanidan dalolat beradi.
Hududiy seminarlar va ochiq muloqot muhiti
Davlat organlari va biznes hamjamiyati o‘rtasida o‘zaro ishonch hamda ochiq muloqot muhitini shakllantirish maqsadida respublika bo‘ylab doimiy ravishda sayyor seminarlar, davra suhbatlari va ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Ushbu hududiy tadbirlarda quyidagi muhim yo‘nalishlar qamrab olinadi:
Qonunchilikka kiritilayotgan eng so‘nggi o‘zgarishlar va yangiliklar;
- Litsenziya olish va ruxsat berish tartib-taomillari;
- Qimmatbaho metallar muomalasida hisob yuritish va hisobot berish qoidalari;
- Tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelayotgan dolzarb muammolar va ularga beriladigan amaliy yordamlar.
- Tadbirlar davomida tadbirkorlarning taklif va murojaatlari mas’ullar tomonidan bevosita o‘rganilib, joyida huquqiy va texnik yechimlar ko‘rsatilmoqda.
Davlat nazorati va ichki nazorat tizimlarining joriy etilishi
Profilaktika tadbirlari bilan bir qatorda, amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, zargarlik buyumlarining qonuniy muomalada bo‘lishi hamda davlat tamg‘alaridan to‘g‘ri foydalanilishi ustidan qat’iy davlat nazorati olib borilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, qimmatbaho metallar bozorini sog‘lomlashtirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va boshqa har qanday noqonuniy moliyaviy operatsiyalarning oldini olish maqsadida tadbirkorlik subyektlarida ichki nazorat tizimlari (komplayens-nazorat) izchil joriy qilinmoqda.
Ushbu majburiy choralarning barchasi pirovard natijada iste’molchilarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, bozorda sog‘lom va halol raqobat muhitini shakllantirishga hamda O‘zbekiston zargarlik sanoatida shaffof va barqaror biznes muhitini yaratishga xizmat qiladi.


