Zargarlik sohasidagi islohotlar, erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar
2026-06-05 10:45:00 / Press-relizlar

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining asosiy faoliyati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda so‘nggi yillarda erishilgan natijalar haqida ma’lumot berishdan mamnunmiz.
Avvalo, ta’kidlash joizki, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasi mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Ushbu sohada qonuniylikni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlik subyektlari uchun teng va shaffof sharoitlar yaratish davlat siyosati darajasidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda, mazkur sohada davlat siyosatini yuritish Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi zimmasiga yuklatilgan.
Inspeksiyaning asosiy vazifalariga qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasida davlat nazoratini ta’minlash, asillik darajasini aniqlash va tamg‘alash, litsenziyalash va ruxsat berish ishlarini tashkil etish, laboratoriya tadqiqotlari va texnik ekspertizalarni o‘tkazish kiradi.
Shuningdek, sohani huquqiy jihatdan tartibga solish va xalqaro tajribalarni joriy etish ham Inspeksiyaning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Hurmatli ishtirokchilar!
Inspeksiya faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri — zargarlik buyumlarining asillik darajasini aniqlash va davlat tamg‘asi bilan tamg‘alash hisoblanadi.
Bugungi kunda, mazkur ishlar zamonaviy yuqori aniqlikdagi laboratoriya uskunalari orqali amalga oshirilmoqda.
Natijada, har bir zargarlik buyumining sifati va asilligi davlat tomonidan rasman tasdiqlanadi. Bu esa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda bozorda ishonch muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda sezilarli o‘sish kuzatildi.
Agar 2023 yilda 989 kilogrammdan ortiq zargarlik buyumlarining asilligi aniqlanib tamg‘alangan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 1 tonna
141 kilogrammni tashkil etib 1,2 barobarga o‘sdi.
2025 yil yakunlariga ko‘ra mazkur raqam qariyib 1,5 tonnaga yetdi yoki
1,5 barobarga oshdi.
Bu esa, uch yil davomida sohada xizmatlarga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshganini va nazorat tizimi samaradorligi kuchayganini ko‘rsatadi.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Yana bir muhim yo‘nalishlardan biri.
O‘zingizga ma’lumki, Butunjahon «Kimberli jarayoni» halqaro olmoslar aylanmasini nazorat qilish tashkilotining 21-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Kimberli jarayoniga 60 davlat qatorida qabul qilindi.
Ma’lumot uchun: «Kimberli jarayoni»ning ustuvor vazifasi davlatlar o‘rtasida noqonuniy qimmatbaho toshlardan tushgan mablag‘larni turli xil terrorizm, diniy ekstremizmga yo‘naltirishga urinishlarni oldini olishdir.
Shuningdek, «Kimberli jarayoni» sertifikatlash sxemasining boshqa muxim jihati ziddiyatli olmoslar aylanmasiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ichki milliy nazorat tizimini joriy etish hisoblanadi.
«Kimberli jarayoni» xalqaro olmoslar aylanmasini nazorat qilish tashkilotining respublikadagi vakolatli organi sifatida Asillik inspeksiyasi e’tirof etildi.
Respublikamiz qimmatbaho toshlarning xalqaro tashkilotiga a’zo bo‘lishi Inspeksiya zimmasiga yana bir katta mas’uliyatni yukladi.
Shu munosabat bilan, Asillik inspeksiyasining 1 nafar mutaxassisi Gemological centers (G.C.I) LTD “Diamond Grader” markazida, 5 tasi xorijiy bilim yurtlarida malaka oshirib xalqaro toifadagi sertifikatlarga ega bo‘lishdi.
Shu bilan bir qatorda, Inspeksiya mutaxassislarining hozirgi zamon talablari asosida bilim va malakasini oshirish maqsadida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘quv kurslarida ta’lim olib tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldilar va bu ishlar muntazam ravishda davom etadi.
Bundan tashqari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda respublikamizning oliy ta’lim bilim yurtlarida gemmologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan iqtidorli bitiruvchilardan 8 nafarini jahonning nufuzli gemmologik ta’lim muassasalari hisoblangan GIA (Gemological Institute of America) hamda G.C.I. dasturlari asosida o‘qitish va xalqaro darajadagi ekspertlar sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
«Kimberli jarayoni» tashkiloti talablari asosida qimmatbaho toshlarni zamonaviy tavsiflash (identifikatsiyalash) maqsadida Inspeksiyaning Gemmologiya laboratoriyasi zamonaviy asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlandi.
Mazkur laboratoriyada tabiiy va sintetik brilliantlarni aniqlash ishlari olib borilmoqda, chunki bugungi kunda jahon bozorida sun’iy brilliantlar soni oshib borayotgani sababli, ularni farqlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Aziz ishtirokchilar!
So‘nggi yillarda litsenziyalash va ruxsat berish sohasida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Bugungi kunda, barcha davlat xizmatlari raqamlashtirilgan bo‘lib, litsenziya va tasdiqnomalar elektron shaklda inson omilisiz taqdim etilmoqda.
Natijada tadbirkorlar ortiqcha vaqt va xarajat sarflamasdan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Olib borilgan islohotlar natijasida ushbu yo‘nalishda rasmiy ravishda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari soni sezilarli darajada oshib, norasmiy faoliyat «soya»dan chiqarildi.
2026 yil 1 iyun holatiga respublikamizda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan faoliyat yurituvchi jami 2 778 ta subyekt ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravarga yoki 700 taga ko‘paydi.
Mazkur subyektlarga faoliyat turlari bo‘yicha jami 4 059 ta ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirildi yoki 1,4 barobarga oshdi.
Ushbu chora-tadbirlar zargarlik sanoatining shaffofligini ta’minlash, "yashirin iqtisodiyot" ulushini kamaytirish hamda tadbirkorlar uchun teng raqobat muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.
Hurmatli jurnalistlar!
O‘zingizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish va respublikaning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylantirish, shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarni ishlab chiqarish va sotish faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, mazkur yo‘nalishda tadbirkorlikka keng yo‘l ochish maqsadida bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil
23 iyuldagi «Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» PF-104-son Farmoniga asosan Toshkent shahri, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarining zargarlik markazlarida Zargarlik buyumlarining asilligini tezkor tekshirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatuvchi shoxobchalar tashkil etildi.
Shu bilan birga, hududlarda zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va ularni tamg‘alash bo‘yicha sayyor xizmat ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, 2026 yilning o‘tgan davrida Qoraqalpog‘iston Resrublikasi va viloyatlarning markaziy shaharlarida zargarlik buyumlarining asillik darajasini aniqlash va ularni tamg‘alash bo‘yicha sayyor xizmatlar ko‘rsatildi.
Prezidentning 2025 yil 26 iyundagi PQ–207-son «Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qaroriga asosan, «Toshkent–AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi hududida Asillik inspeksiyasining zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va ularni tamg‘alash bo‘yicha «Toshkent–AERO» Filiali tashkil qilindi.
Mazkur Filial tashkil etilgandan so‘ng bojxona va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida, O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasi orqali noqonuniy olib o‘tilayotgan 14 kilogrammdan ortiq qimmatbaho metallarning noqonuniy muomalasi aniqlanib, bartaraf etildi.
Ushbu tadbirlarning pirovard natijasi, sohada yangi bosqichni boshlab berdi va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar zargarlik va boshqa buyumlarni noqonuniy aylanmasini qisqartirish, ichki bozorni himoya qilish va iste’molchilar huquqlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Inspeksiya tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, joriy yilda tadbirkorlik subyektlarida jami 538 ta profilaktik tadbirlar o‘tkazilib o‘tgan yilga nisbatan 1,8 barobarga oshdi.
Shuningdek, respublika hududlarida tadbirkorlarga huquqiy maslahatlar berilib, sohadagi yangiliklar va qonunchilik talablari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda, ochiq muloqotlar, seminarlar va o‘quv tadbirlari tashkil etilmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan sohada qonuniylik, shaffoflik va ishonchni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Zamonaviy texnologiyalar, raqamlashtirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kelgusida ham faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib qoladi.



