DAVLAT ASILLIK DARAJASI NAZORATI INSPEKSIYASIDA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH UZLUKSIZ JARAYONDIR
2026-06-05 10:20:00 / Matbuot anjumanlari

Matbuot anjumanida zargarlik sohasini rivojlantirish, tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari hamda nazorat yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha maʻlumot berildi.
Sohada korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik, har qanday korrupsion holatlarni oldini olish yuzasidan soʻzga chiqqan Inspeksiyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha bosh mutaxassisi Olim Nazarov oʻz soʻzida korrupsiya faqat pul koʻrinishidagi pora bilan cheklanmasligi, nomoddiy imtiyoz, tanish-bilishchilik, xizmat vakolatlaridan shaxsiy maqsadda foydalanish, qaror qabul qilishda xolislikni yoʻqotish, manfaatlar toʻqnashuvini yashirish kabi holatlar ham korrupsiyaviy xavfni keltirib chiqarishini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasida raqamlashtirish, doimiy kuzatuv, aniq vakolat taqsimoti va ochiq aloqa kanallarining ahamiyati korrupsiyaning oldini olishda yuqori boʻlmoqda.
Inspeksiyaning asosiy vazifalaridan biri qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan bogʻliq faoliyat sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish, zargarlik buyumlari ishlab chiqarishga litsenziyalar berish, sohada qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish hamda sotishga moʻljallangan buyumlarning asillik darajasini aniqlash va davlat tamgʻalarini qoʻyishdan iborat.
Bu vazifalarning har biri korrupsiyaviy xavflarga ega boʻlishi mumkinligi, shu boisdan jarayonlarni avtomatlashtirish va shaffof nazorat ostiga olish muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.
Shu sababdan, salbiy holatlarga yoʻl qoʻymaslik, korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida, Inspeksiyada litsenziyalash vazifasi toʻliq raqamlashtirilganligi, yaʼni inson omili ishtiroki toʻliq bartaraf etilganligi, litsenziya daʼvogari bilan bevosita yoki bilvosita aloqa mavjud emasligi, zargarlik buyumlarining asillik darajasini aniqlash va davlat tamgʻalarini qoʻyishda ariza beruvchi va Inspeksiya xodimi muloqati doimiy ravishda kuzatuv kameralari orqali nazorat ostida amalga oshirish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganligi yana bir bor taʼkidlab oʻtildi.
Yigʻilish soʻngida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berilib, takliflar oʻrganib chiqilishi uchun qabul qilindi.







