Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining amalga oshirilgan ishlarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida MATBUOT ANJUMANI tashkil etildi
2026-06-05 10:00:00 / Majlislar

So‘nggi yillarda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar narxlarining o‘sishi natijasida asillik darajasini aniqlash va davlat tamg‘asi bilan tamg‘alash xizmatlariga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. Xususan, 2023-yilda 989 kilogramdan ortiq, 2024-yilda esa 1 tonna 141 kilogramm zargarlik buyumlari ekspertizadan o‘tkazilib tamg‘alangan bo‘lsa, 2025-yil yakunlariga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich qariyb 1,5 tonnaga yetdi. Mazkur natijalar sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va ularga bo‘lgan ishonch ortib borayotganidan dalolat beradi.
Qimmatbaho toshlar bozorida xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida O‘zbekiston “Kimberli jarayoni” xalqaro sertifikatlash tizimiga a’zo bo‘ldi. Shu bilan birga, inspeksiya mutaxassislarining malakasini oshirish, ularni xalqaro sertifikatlarga ega qilish hamda xorijiy ta’lim va gemmologik markazlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Kelgusida dunyoning yetakchi gemmologik ta’lim muassasalari hisoblangan GIA (Gemological Institute of America) va Gem-A (Gemmological Association of Great Britain) bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda inspeksiyaning gemmologiya laboratoriyasi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, tabiiy va sintetik olmoslarni aniqlash hamda qimmatbaho toshlarni xalqaro talablar asosida ekspertizadan o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Sohada davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlari ham to‘liq raqamlashtirildi. Natijada litsenziyalash va ruxsat berish xizmatlari inson omilisiz, elektron shaklda taqdim etilmoqda. Bu esa tadbirkorlar uchun qulaylik yaratib, vaqt va xarajatlarni sezilarli darajada qisqartirmoqda.
2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, respublikada qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan faoliyat yuritayotgan subyektlar soni 2 778 taga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 700 taga ko‘pdir. Faoliyat turlari bo‘yicha rasmiylashtirilgan ruxsat beruvchi hujjatlar soni esa 4 059 tani tashkil etdi.
Prezident farmon va qarorlari asosida Toshkent shahri, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi zargarlik markazlarida zargarlik buyumlarining asillik darajasini tezkor aniqlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etildi. Hududlarda sayyor xizmatlar amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani esa tadbirkorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratmoqda.
Shuningdek, “Toshkent AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi hududida Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining maxsus filiali tashkil etildi. Mazkur filial orqali tadbirkorlar qimmatbaho buyumlarni import qilish jarayonida asillik darajasini aniqlash va tamg‘alash xizmatlaridan tezkor foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Filial faoliyatining dastlabki natijalari ham ijobiy bo‘lib, 2026-yilning mart-may oylarida jami 8 311 dona, umumiy og‘irligi 33,52 kilogramm bo‘lgan zargarlik buyumlari ekspertizadan o‘tkazilib, davlat tamg‘asi bilan tamg‘alandi.
Inspeksiya tomonidan sohada qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar ham muntazam ravishda amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2024-yilda 1 500 ta, 2025-yilda 1 679 ta, joriy yilning hisobot davrida esa 538 ta profilaktik tadbir o‘tkazildi. Hududlarda tadbirkorlar uchun ochiq muloqotlar, seminarlar va tushuntirish ishlari tashkil etilib, amaldagi qonunchilik talablari keng targ‘ib qilinmoqda.
Tadbir davomida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, litsenziyalash jarayonlarining to‘liq raqamlashtirilgani, xizmat ko‘rsatish jarayonlarida videokuzatuv tizimi joriy etilgani hamda nazorat tadbirlarini zamonaviy texnik vositalar yordamida amalga oshirish bo‘yicha choralar ko‘rilayotgani qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, 2027-yil 1-yanvar — 2027-yil 1-iyuldan boshlab nazorat tadbirlarini maxsus kiyim-bosh, planshetlar va bodi-kameralar yordamida amalga oshirish amaliyoti joriy etilishi rejalashtirilgan.
Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasida qonuniylik, shaffoflik va ishonchlilikni ta’minlash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.








