Toshkentda Shinjon mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasi ochildi
2024-03-30 18:45:00 / Yangiliklar
Bugun, 30-mart kuni poytaxtimizdagi “Navro‘z” bog‘ida ish boshlagan Shinjon mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi.
Uning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz, Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchisi Yuy Szyun va boshqa rasmiylar hamda ishbilarmon doiralar vakillari qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik munosabatlari jadal rivojlanib bormoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi yaqin, samimiy va birodarlik rishtalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy, shu bilan birga, hududlararo hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Bugun o‘z faoliyatini boshlagan ushbu ko‘rgazmada Shinjonning 100 ga yaqin kompaniyalari qatnashayotgani, Xitoy delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi chog‘ida Toshkent va Samarqandda bo‘lib o‘tgan samarali uchrashuv hamda muzokaralar davomida yangi kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.
Tadbir so‘nggida bog‘ hududidagi etno shaharchada Xitoy delegatsiyasi sharafiga “Navro‘z” sayli tashkil etildi.
Shu bilan, Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi yakuniga yetdi.