O‘zbekiston Yaponiya kompaniyalarini yangi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha tenderlarda ishtirok etishga taklif qildi
2023-11-27 11:25:00 / Yangiliklar
Mamlakatimizdagi vazirlik va idoralar hamda ROTOBO assotsiatsiyasiga a’zo yirik kompaniyalar rahbarlarini bir joyga jamlagan ushbu tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi nomidan vazir o‘rinbosarlari Alisher Shukurov va Qahramon Yuldashevlar ishtirok etishdi.
Davra suhbatida joriy qo‘shma loyihalar va O‘zbekiston-Yaponiya savdo-investitsiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinar ekan, mamlakatimizda tadbirkorlar va investorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida imtiyoz va preferensiyalar amal qilayotgani ta’kidlandi. Jumladan, kichik biznes sohasida ikki yuzdan ortiq turdagi litsenziyalar va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi, soliqlarning umumiy soni qisqartirildi, ayrimlarining stavkalari ikki baravarga pasaytirildi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda yapon tadbirkorlari duch kelayotgan muammolar ham ko‘tarilib, ularni hal etish mexanizmlari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar ustuvor tarmoqlarda hamkorlikning yangi yo‘nalishlari taqdimotiga alohida e’tibor qaratdilar.
“Ma’lumki, Yaponiya dunyoda birinchilardan bo‘lib 2050-yilgacha uglerod neytralligiga erishishni maqsad qilgan. U “yashil energiya” sohasida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Gidroelektr stansiyalar va issiqlik elektr stansiyalariga muqobil qurilma yaratish kelajakda energiya taqchilligining oldini olish uchun zarur chora-tadbirlardan biridir. 2026-yilgacha O‘zbekistonda 5 GVt quyosh energiyasi va 3 GVt shamol energiyasini o‘z ichiga olgan qo‘shimcha energiya quvvatlarini yaratish rejalashtirilmoqda. Yaponiya kompaniyalarini O‘zbekiston Respublikasi hududida quyosh va shamol elektr stansiyalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida qurish bo‘yicha tenderlarda ishtirok etishga taklif qilamiz”, - deya ta’kidlab o‘tdi Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev davra suhbati ishtirokchilariga murojaatida.
O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligining boshqa muhim yo‘nalishlari qatorida tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi sohalar ham belgilab o‘tildi.
IT va innovatsiyalar sohasida Yaponiyaning eng yaxshi kiber, bio va nanotexnologiyalarini transfer qilishga, shuningdek, Yaponiya innovatsiyalari va ilmiy ishlanmalarini O‘zbekiston infratuzilmasi va kadrlar salohiyati bilan uyg‘unlashtirishga qiziqish bildirildi.
O‘zbekistonning tarmoq vazirliklari va idoralari rahbarlari alohida ma’ruza va takliflar bilan chiqishdi. Ular bilan birga Yaponiyaning “ITOCHU Corporation”, “Sumitomo Corporation”, “Sojitz Corporation”, “Mitsubishi Corporation”, “Mitsui& Co., Ltd” kompaniyalari rahbarlariga so‘z berildi. Yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rishga o‘zaro tayyorlik fikri bildirildi.
O‘zbekiston tomoni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) orqali moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatilayotganini qayd etgan holda, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga tashrifi do‘stona aloqalarni chuqurlashtirish va faollashtirish yo‘lida muhim turtki bo‘lganini alohida ta’kidladi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va erishilgan kelishuvlarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlar to‘g‘risida kelishib oldilar. Ishtirokchilar mazkur tadbir O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikning yangi o‘sish nuqtalarini shakllantirishga hamda o‘zaro hamkorlikni sezilarli darajada kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.