Samarqand shahrida xalqaro forum
2023-11-23 10:10:00 / Yangiliklar
Anjumanda 20 dan ortiq davlatdan 40 nafarga yaqin xorijiy mehmonlar – Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibiyati, Islom hamkorlik tashkiloti Ayollar taraqqiyoti tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va tuzilmalari mutasaddilari hamda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha davlat organlari rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyevaning videomurojaati tinglandi.
Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov “Xotin-qizlarning ta’lim olishlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish hamda ularni ilm-fan sohasiga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ilg‘or tajribalar” mavzusida ma’ruza qildi.
Vazir o‘rinbosari nutqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida ham xotin-qizlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 1 mln. 200 ming nafar talabaning 598 mingni (49,8 foizni) xotin-qizlar tashkil etayotgani va bu 2017 yilgi ko‘rsatkichdan 12 foizga oshganini, magistratura bosqichida o‘qishini davom ettirayotgan talaba-qizlar soni 13 ming 995 nafar bo‘lib, jami talabalar soniga nisbatan 59,5 foizni tashkil etishini, tizimda talaba qizlarning ta’lim olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani haqida alohida to‘xtaldi.