Qoraqalpog‘iston Respublikasida Qishloq xo‘jaligi sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari belgilab olindi
2025-02-05 14:25:00 / Yangiliklar
Uchrashuv davomida tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasiga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar va ularning taqsimoti, tumanlar kesimida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr almashdilar. Bundan tashqari, g‘alla va paxta yetishtirish, meva-sabzavot hamda chorvachilik yo‘nalishlarida bir qator istiqbolli loyihalarni ishga tushirish masalalari muhokama qilindi. Joriy yilgi mavsumga yerlarni tayyorlash, sho‘r yuvish va agrar tarmoq oldida turgan boshqa muhim vazifalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligining o‘ziga xos maktabi mavjud ekanligini ta’kidlar ekan, zamonaviy yondashuv va yangicha tafakkur bilan ishlash zaruriyatini qayd etdi. U avvalgi yillarda erishilgan yutuqlarni yanada oshirish imkoniyati mavjudligini va bu imkoniyatlardan foydalanish lozimligini alohida ta’kidladi.
Hosildorlikni oshirish, yangi navlarni sinash hamda istiqbolli urug‘larni ekish bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarni uyushqoqlik bilan tashkil etish zarurligi masalasiga ham e’tibor qaratildi. Farhod Ermanov o‘z nutqida Qoraqalpog‘iston hududlarining imkoniyatlari va iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda bog‘lar tashkil qilishda suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash zaruriyatini ta’kidladi. Shuningdek, sholi yetishtirishda ham zamonaviy texnologiyalarni joriy etishning dolzarbligi qayd etildi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqlim sharoitiga mos paxta navlarini yangi texnologiya asosida 76-10 sxemasi bo‘yicha ekish masalasi muhokama qilindi. Buning uchun hozirdan urug‘lik chigitlarni tayyorlash jarayonlariga e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Umuman olganda, agrar sohada ishga solinmagan imkoniyatlardan keng foydalangan holda tumanlar agrar tarmog‘i rivojida muhim ahamiyat kasb etuvchi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari belgilab olindi.