Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi.
2024-12-20 09:20:00 / Yangiliklar
Bosh vazir o‘rinbosarining ma’ruzasida juda ko‘p muhim masalalarga e’tibor qaratildi. Tumanlar va shaharlarda salohiyatli xotin-qizlarni rahbarlik lavozimi zahirasiga tavsiya etish; ayniqsa, iqtisodiy, huquq-tartibot, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, xizmat ko‘rsatish kommunal sohalarda rahbarlik lavozimlarida ayollar ulushini oshirish; iqtidorli xotin-qizlarni bosqichma-bosqich iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish, mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga o‘qitish masalalariga e’tiborni yanada kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlanib, bu borada amalga oshirish lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.
Jumladan,
- Sayxunobod tajribasi bo‘yicha ishsiz xotin-qizlarni asalarichilik, parrandachilik, issiqxona, baliqchilik va boshqa yo‘nalishlarda kasb-hunarga o‘qitish;
- lider tadbirkor ayollarga ehtiyojmand xotin-qizlarni biriktirib, daromad topishga o‘rgatish;
- xotin-qizlarning biznesini kengaytirishga ko‘maklashish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish;
- xonadonlarda kichik ishlab chiqarish syexlarini (meva, sabzavotlar, sut mahsulotlarini qayta ishlash, mato to‘qish, tikish va boshqa) tashkil etish;
- migratsiyadan qaytgan xotin-qizlarning bandligiga ko‘maklashish;
- o‘rmon xo‘jaliklari bilan daraxt, gul ko‘chatlari yetishtirish bo‘yicha xotin-qizlarni daromad topishga o‘rgatish;
- boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlarga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatib borish ishlarini tizimli davom ettirish;
- mahallalarda “Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari”ni tashkil etish.
Shuningdek, sektorlar rahbarlari, tumandagi mas’ul tashkilotlar – “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni har tamonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirish; Ayollar daftariga kiritilgan har bir ayolni doimiy daromad topishga o‘rgatish;
Xotin-qizlarga jarrohlik operatsiyalari va davolanishlariga mablag‘larni o‘z vaqtida yo‘naltirish, uy-joy ta’miri va uy bilan ta’minlash tizimini mustahkamlab olish bo‘yicha ham zarur vazifalar ta’kidlab o‘tildi.
Faol muloqot hamda savol-javob ruhida o‘tgan dars jarayonida joylarda tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashga moyilligi bo‘lgan oilalarni aniqlash, jabrlangunga qadar ular bilan profilaktika ishlarini tizimli tashkil etish; xotin-qizlar jinoyatini keskin qisqartirish bo‘yicha “Ijtimoiy profilaktika – huquqiy targ‘ibot – ijtimoiy moslashtirish” ish uslublarini faoliyatga keng tatbiq etish; jabrlangan xotin-qizlar bilan ijtimoiy reabilitatsiya ishlarini olib borish; oilaviy qadriyatlarni saqlab qolish, oilalar farvonligini oshirish orqali ajrimlarning oldini olish masalalariga ham keng to‘xtalindi.