Farg‘ona viloyati delegatsiyasining O‘zbekiston – Rossiya hududlararo hamkorlik bo‘yicha III forumidagi ishtiroki
2023-10-06 13:40:00 / Yangiliklar
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona delegatsiyasining Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston – Rossiya hududlararo hamkorlik bo‘yicha III forumida ishtiroki samarali o‘tmoqda. Kecha kun davomida umumiy qiymati 362 mln. dollar bo‘lgan 71 ta investitsiyaviy kelishuv va savdo shartnomalari, jumladan, umumiy qiymati 104 mln. dollar bo‘lgan 20 ta investitsion kelishuv hamda 258 mln. dollarlik 51 ta savdo shartnomasi imzolandi. Muzokaralar davom etmoqda.
Forum davomida Farg‘ona viloyati hokimligi bilan Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston respublikasi hukumati o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2023–2025-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi imzolandi. Hujjatga Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda forumda Boshqirdiston delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Boshqirdiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Muradov imzo chekdilar.
Bu hujjatda qo‘shma investitsion loyihalar ishlab chiqish, tadbirlar o‘tkazish, mahsulotlar yetkazib berishni tashkil etish, taʼlim, turizm, madaniyat va migratsiya sohalarida hamkorlik kabi jihatlar o‘rin olgan.
Forum davomida Xayrullo Bozorov Boshqirdiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Muradov boshchiligidagi hukumat vakillari bilan o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi.
Samarali o‘tgan muloqot davomida Farg‘ona viloyati hamda Boshqirdiston respublikasi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, qurilish, mebelsozlik, mashinasozlik sohalarida keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari belgilab olindi.
Sverdlovsk viloyati gubernatori o‘rinbosari Dmítriy Ionin hamda Chelyabinsk viloyati gubernatori o‘rinbosari Ivan Kutsevlyak bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda mavjud kelishuvlar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan bo‘lsa, Sankt-Peterburg maʼmuriyati xalqaro aloqalari qo‘mitasi rahbari Yevgeniy Grigoryev bilan muloqotda Farg‘ona va Sankt-Peterburg o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Yo‘l xaritasi ishlab chiqishga kelishib olindi.