Bosh vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova Yaponiyaning JICA xalqaro tashkiloti vakillari bilan muloqot oʻtkazdi.
2024-12-06 09:15:00 / Yangiliklar
Uchrashuv avvalida Z.Mahkamova mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, gender tenglikni taʼminlash borasida erishilayotgan natijalar yuzasidan atroflicha maʼlumot berdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda maʼnaviy hayotida, muhim qarorlar qabul qilinishida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli ravishda kengayib bormoqda.
Sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik bazasi shakllantirildi, soʻnggi 5 yillarda 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi bunga yorqin misoldir.
Yangilangan Konstitutsiyamizda xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi, jumladan, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida teng imkoniyatlarni taʼminlash borasidagi qoidalar mustahkamlandi.
“Xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi muhim qonunlar qabul qilindi va amaliyotga joriy etildi.
Gender tenglik siyosatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish va uni toʻlaqonli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida 2030 yilga qadar moʻljallangan gender Strategiyasi qabul qilindi. Uni barcha soha va tarmoqlarga joriy qilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Qonunchilikka normativ-huquqiy hujjatlarni gender ekspertizadan oʻtkazish, genderga asoslangan milliy byudjetni qabul qilish, gender audit kabi tushunchalar kiritilib, amaliyotga joriy qilinmoqda.
Islohotlarni samarali amalga oshirishda ayollarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi muhim ahamiyat kasb etishi hammamizga maʼlum. Shu maʼnoda, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli hamda taʼsirini keskin oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda va h.k.
Doʻstona muloqot ruhida oʻtgan uchrashuv yakunida Loyiha doirasida ayollarga qulay sharoit yaratish va ularni imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan loyihalar ishlab chiqilishiga kelishib olindi.