Asosiy kontentga o'tish

Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Toshkent viloyati, Zangiota tumanida bo‘ldi.

2024-12-04 09:30:00 / Yangiliklar

Bosh vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari polkovnik Umida Abdullayeva hamda boshqa masʼullar bilan birga Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 21-sonli jazoni ijro etish muassasasida bo‘ldi.

Tadbir avvalida muassasada mavjud uchrashuv xonalari, madaniyat markazi va kutubxona, bolalar uyi, yotoqxona, oshxona, ishlab chiqarish hududi bilan tanishildi. 

Mahkumalar bilan yuzma-yuz muloqot davomida umumxalq bayrami - huquq va manfaatlar kafolati boʻlgan Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun bilan tabriklandi. Qonunchiligimizda ayollar huquq va manfaatlarining kafolatganligi, ular uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, erishilayotgan natijalar haqida fikr-mulohazalar almashildi.

Bosh vazir oʻrinbosari tomonidan taʼkidlanganidek, “Hech bir shaxs oʻz-oʻzidan jinoyatchi boʻlib qolmaydi. Unga atrof-muhit taʼsiri, yaqinlarining munosabati va hokazolar sabab boʻladi. Aslida, hech qanday vaziyat, yetishmovchilik, kemtiklik yomon ishlarga sabab boʻla olmaydi. Inson xoh ayoldir, xoh erkakdir irodali, sabrli, bardoshli boʻlishi kerak. Shu bilan birga ota-onalar, qavm-qarindoshlar ham farzand, yaʼni qizlar taqdiriga birdek masʼuldirlar”. 

Shuningdek, hech bir ayol jinoyatchi boʻlishni orzu qilmaydi. Har bir jinoyatchi ayolning oʻz fojiasi va haqiqati bor. Ular jinoyatchilik koʻchasiga qadam qoʻygan boʻlishi mumkin, lekin bu ularni toʻgʻri yoʻlga qaytarish mumkin emas, degani emas. Ayol – farzand, ona, opa-singil, mehribon umr yoʻldosh va uni jinoyatchilikdan uzoqlashtirishga, qayta jinoyat qilishining oldini olish uchun hammamiz birday masʼulmiz. 

Bugun mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash - ayollarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar negizida ayolni baxtli qilish, farzandlarning toʻlaqonli oilalarda ulgʻayishini taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. 

Tadbir davomida 26 nafar bilib-bilmay jinoyat koʻchasiga kirib qolgan ayollar oilalariga tegishli 50 ga yaqin muammolarni bildirib, amaliy yordam soʻradi. Har bir murojaatlar boʻyicha tegishli masʼullar va vazifalar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Toshkent shahar IIB mas’ullari tomonidan mahkuma ayollar uchun psixologlar va sanʼatkorlar ishtirokida madaniy tadbir tashkil qilindi, sovgʻalar ulashildi.

1764