3 ta korxona ishga tushirilib, 12 tasining qurilishi boshlandi
2024-11-01 17:25:00 / Yangiliklar
So‘nggi yillarda Navoiy viloyatida tadbirkorlik jadal rivojlanib, investorlarning hududga qiziqishi tobora ortmoqda. Birgina 2023-yilning o‘zida 101 trillion so‘mlikdan ziyod sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 648 million dollarlik eksport amalga oshirilgan.
Shuningdek, qariyb 478 million dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, viloyat tashqi savdo aylanmasi qariyb 1,3 milliard dollarni tashkil etdi. Viloyatda 300 dan ortiq chet el korxonalari ishlab turibdi. Endi ularning soni yanada ko‘payadi.
Marosimda 15 ta loyiha haqida e’lon qilindi.
Jumladan, Konimex tumanida yonuvchi slanetslarni qazib olish va qayta ishlashning birinchi bosqichi, Karmana tumanida 300 megavatt quyosh foto elektr stansiyasi va 75 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimi, Navoiy shahrida texnik gaz ishlab chiqarish, G‘ozg‘on shahrida marmar va Zarafshon shahrida granit toshlarni qayta ishlash, Uchquduq tumanida kaolin qazib olish va boyitish, Xatirchi tumanida baliq ozuqasi tayyorlash loyihalari qurilishi boshlandi.
Karmana tumanida kaliy sulfat va sulfat kislotasi, Navoiy shahrida paxta sellyulozasi, Nurota tumanida granit toshlarni qayta ishlash korxonalari ishga tushirildi.
Mazkur 15 ta loyihaning umimiy qiymati 3 milliard 600 million dollar. Ularning natijasida 7 mingdan ortiq ish o‘rni paydo bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, yangi loyihalarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi.