Termiz xalqaro savdo markazi ochildi
2024-08-29 14:30:00 / Yangiliklar
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Afg‘oniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Shaxin Mustafayev, Qirg‘iz Respublikasi iqtisodiyot va savdo vazirining o‘rinbosari Nazarbek Malayev, Qozog‘iston Respublikasi savdo va integratsiya vazirining o‘rinbosari Qayrat Torebayev va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mintaqadagi barcha davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek,qulay ishbilarmonlik muhiti va logistikani yaratish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish va tadbirkorlar uchun zarur sharoit yaratish maqsadida “Termiz xalqaro savdo markazi” barpo etildi.
Mazkur Markaz mintaqamizda savdo aloqalarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim platformaga aylanishiga ishonch bildirildi.
Shuningdek, Markazda Afg‘oniston fuqarolariga savdo-sotiq qilishlari, ta’lim, tibbiyot hamda boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘z yuritildi.
Ramziy tasma kesilib, Markaz rasman ochilganidan so‘ng, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston Qirg‘iziston va boshqa mamlakat diplomatik korpus vakillari “Termiz xalqaro savdo markazi” faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘zbekiston Bosh vaziri Termiz shahrida Afg‘oniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar hamda Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Shaxin Mustafayev bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.