O‘zbekiston – Rossiya: Surxondaryo va Tatariston o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanmoqda
2024-05-27 11:50:00 / Yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston dunyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik munosabatlarini, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlik aloqalarini samarali rivojlantirmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham jahondagi mavjud murakkab vaziyatda ochiq, pragmatik, faol va yaxshi qo‘shnichilik tashqi siyosati olib borilishini izchil davom ettirish belgilab qo‘yilgan. MDH mamlakatlari bilan an’anaviy, keng qamrovli va strategik sheriklik aloqalarini bundan buyon ham samarali kengaytirib borishga e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani ham mamlakatimizda “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatning amaldagi samaralaridir.
Surxondaryo viloyati ham Rossiya Federatsiyasi bilan azaliy hamkorlik rishtalarini yangicha ko‘rinishda yuksaltirib, iqtisodiy-ijtimoiy, gumanitar-madaniy aloqalarini mustahkamlayotir. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida Rossiya davlatiga janubdagi viloyatning hududiy va tarmoq korxonalari 20,82 million dollarlik mahsulot eksport qildi. O‘tgan yil shu davrda bu ko‘rsatkich 5,46 million dollarni tashkil etgan edi. To‘rt oyda Rossiya Federatsiyasidan vohaga 846,3 ming dollarlik tovar import qilindi.
Surxondaryodan Rossiya Federatsiyasiga asosan ipak, paxta, mato, pomidor, karam, piyoz, o‘rik, yong‘oq kabi oziq-ovqat mahsulotlari, paxta ip kalavasi, kiyim-kechak va boshqa tovarlar jo‘natilgan bo‘lsa, do‘st davlatdan batareya va akkumulyatorlar, bioqo‘shimchalar, bo‘yoqlar, lak, donli chiqindi, yog‘och va yog‘och mahsulotlari, mebel va boshqa mahsulotlar import qilindi.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi ishonchli sheriklik negizida Surxondaryo viloyati bilan Tatariston Respublikasining o‘zaro do‘stlik, hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani ham e’tiborga sazovordir. Shunga muvofiq viloyat rahbarlari va tadbirkorlarning Tataristonga, tataristonliklarning esa Surxon vohasiga safarlari uyushtirilib, teng sheriklikka asoslangan o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolanmoqda, tajriba almashilmoqda.
Safarlar chog‘ida erishilgan ikki tomonlama munosabatlar Surxondaryo va Tatariston rahbarlari ishtirokida muhokama etib borilayotir. Masalan, o‘tgan yilning oktyabr oyida Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston–Rossiya hududlararo hamkorlik bo‘yicha III forumi” doirasida tashkil etilgan Tatariston sanoat salohiyati ko‘rgazmasida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi Surxondaryo delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi. Unda hududlar o‘rtasida o‘zaro iqtisodiy-investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, hamkorlikdagi yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazilib, qator kelishuvlarga erishildi. 209,1 million dollarlik savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Mazkur safar doirasida viloyat delegatsiyasi Qozon shahridagi ko‘p qavatli turarjoy binolariga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalarining ish faoliyatini o‘rgandi. O‘zaro tajriba almashib, xizmatlar ko‘rsatishda joriy etilayotgan yangi loyihalar bilan tanishdi. Viloyatdagi boshqaruv servis kompaniyalarida Tatariston loyihalarini amalga oshirishga kelishildi. Ayni paytda mazkur kelishuvlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda. Yangi loyihalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilayotir.
Shu yilning mart oyida Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov amaliy tashrif bilan Surxondaryo viloyatiga kelib, voha bilan yaqindan tanishdi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan uchrashuvda viloyatning iqtisodiy-investitsiyaviy salohiyati, yerosti va yerusti boyliklari to‘g‘risida yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldi. Ikki hudud delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarida o‘zaro manfaatli qator takliflar ilgari surildi. Neft mahsulotlarini qayta ishlash, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi, innovatsion texnologiyalar, chorvachilik, ta’lim kabi sohalarda hamkorlik istiqbollari belgilab olindi. Surxondaryo viloyati va Tatariston Respublikasining o‘zaro hamkorlik, do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash uchun hududlarning madaniyat kunlarini tashkil etish, bayramlarda delegatsiyalar ishtirokini ta’minlash yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi.
O‘tgan davrda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi Surxondaryo delegatsiyasining Tatariston Respublikasiga safari va Rustam Minnixanov rahbarligidagi delegatsiyaning Surxon vohasidagi uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama etish uchun yaqinda Tatariston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Oleg Korobchenko boshchiligidagi delegatsiya a’zolari janubdagi vohada bo‘ldi.
Muloqotlarda ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, avvalgi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, yangi loyihalar ustida ishlash xususida atroflicha fikr almashildi. Ikki taraflama tuzilgan shartnoma va bitimlarni bosqichma-bosqich ro‘yobga chiqarish belgilab olindi. Kelishilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ikki tomon uchun ham samarali bo‘lishi qayd etildi.
Surxondaryo viloyat hokimi o‘rinbosari – investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i Sherali Jo‘rayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining Qozon shahrida o‘tkazilgan “Rossiya – Islom dunyosi 2024: Kazanforum” 15-xalqaro iqtisodiy forumidagi ishtiroki ham ikki tomon uchun manfaatli kelishuvlarga boy bo‘ldi.
Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar keyingi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi siyosiy - diplomatik aloqalar ishonchli ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlariga ega bo‘lganining amaldagi yana bir ifodasidir.