“Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida muhokama qilindi
2024-08-27 17:55:00 / Yangiliklar
Yig‘ilishda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi rahbariyati, vazirlik tizimosti korxona hamda tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi.
Qonun loyihasida belgilanayotgan normalar yer qa’ridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalarni berish, hisobotlarni qabul qilish va sohadagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan. Hujjat bilan “yagona darcha” prinsipi joriy etilayotgani, yer qa’ridan barqaror foydalanish tamoyili kiritilib, oqilona ishlatish talablari yer qa’ridan foydalanuvchilarning majburiyati sifatida belgilanayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari, noruda xomashyo konlarini qidirib topish va o‘zlashtirishga oid normalar kuchaytirilishi, noruda qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirishning aniq tartibi belgilanishi, xalqaro amaliyotga mos ravishda “kadastr maydoni” tushunchasi kiritilayotgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, ekologiya va atrof-muhitni kelgusida kafolatli asrash maqsadida yer qa’ridan foydalanishda ekologik xavfsizlikni ta’minlashning qoidalari nazarda tutilayotgani, qonun loyihasi bilan kon-geologiya ishlarini xalqaro standartlarda ekologiya va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiq ravishda amalga oshirish normalari takomillashtirilishi aytib o‘tildi.
Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi yer osti boyliklarini mas’uliyat bilan geologik jihatdan o‘rganish va ulardan foydalanish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga solish, barqaror yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.