Teatr sohasini rivojlantirish hamda teatrdagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2025-02-21 14:00:00 / Yangiliklar

Bugun madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov raisligida onlayn (ZOOM platformasi orqali) yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda, Madaniyat vazirligi tegishli bo‘lim boshliqlari hamda davlat teatrlari direktorlari va bosh rejissyorlari bilan birgalikda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev hamda prorektorlar, Teatr san’ati fakulteti dekani va tegishli kafedra mudirlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 22-noyabrdagi 399-son qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan teatrlar bilan ta’lim tashkilotlarining uzviy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga maqsadli qabul kvotalari teatrlardagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olib belgilash, institutning 3 va 4-bosqich bakalavr hamda magistratura talabalarining haftada kamida ikki kun teatrlarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tashini yo‘lga qo‘yish va boshqa bir qator masalalar muhokama qilindi.
Dastlab Avazxon Tadjixanov “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror sohaning rivoji uchun ko‘plab imkoniyatlar taqdim etganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, bugungi kunda nafaqat teatrlarda balki barcha madaniyat muassasalarida, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan malakali yosh mutaxassislarga ehtiyoj juda yuqori ekanligini, buning yechimi esa, oliy ta’lim muassasalarida, xususan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olayotgan yosh kadrlarni amaliyotga va keyingi bosqichda ishga jalb qilish, ularni mehnat bozoriga tayyor kadrga sifatida borishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish ekanligini qayd etdi.
Nodirbek Sayfullayev bugungi kunda Davlatimiz Rahbari tomonidan oliy ta’lim sohasi vakillari oldiga qo‘yilayotgan eng muhim talablardan biri bu dual ta’lim ekanligini, bunda talaba amaliyot yoki teatrlarda tashkil etilgan o‘quv jarayonlarida ishtirok etishi bilan bir qatorda, kamida 0.25 shtat birligida faoliyat olib borishi lozimligi, bu borada teatrlardagi bo‘sh vakant o‘rinlarga yuqori kurs talabalarni jalb etilsa, ular institutni tamomlagunga qadar mutaxassis sifatida shakllanishi, mehnat bozoridagi talablarga to‘liq javob beradigan kadr bo‘lib yetishishlariga zamin yaratishini ta’kidladi. Shuningdek institut bilan teatrlar hamkorligini yanada kuchaytirish borasida ham fikrlarini bildirib o‘tdi.
Yig‘ilish ochiq muloqot tarzida davom etdi hamda teatr direktorlari ham mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bayon qildi.