Madaniyat vazirligining 2024-yil yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2025-01-23 06:00:00 / Yangiliklar
#Nukus
#Hay’at_yig‘ilishi
Avval xabar berilganidek, Nukus shahrida Madaniyat vazirligining 2024-yil yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Murat Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri Begis Temirbayev, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi rahbariyati hamda markaziy apparati vakillari, hududiy va tizim tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, hududiy studiyalardan tizim tashkilotlari vakillari onlayn ishtirok etishdi.
Hay’at yig‘ilishida sohadagi ustuvor vazifalar va topshiriqlar ijrosi yuzasidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar, ularning natijalari hamda joriy yilning birinchi yarim yilligida turgan muhim vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
"E’tirof etish joizki, 2024-yil davomida madaniyat va san’at sohasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, teatrlarda 10 mingdan ortiq spektakl namoyish etilib, ularga 3,6 mln nafar tomoshabin tashrif buyurdi. Bu orqali 27,3 mlrd so‘m mablag‘ ishlab topildi.
Namangan viloyatida qo‘g‘irchoq teatri tashkil etildi, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari qo‘g‘irchoq teatrlariga yangi binolar qurilib, foydalanishga topshirildi.
Yil davomida 7,2 mingdan ortiq konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilib, ularga 10 mln dan ziyod aholi qamrab olindi.
“Lazgi” II xalqaro raqs festivali, II Xalqaro maqom san’ati anjumani, “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali yuqori saviyada o‘tkazildi. “Madaniyat karvoni” hamda o‘zarolik tamoyili asosida “Madaniyat kunlari” tadbirlari yuqori saviyada tashkil qilindi.
“Ko‘cha san’ati va musiqasi”, “Yulduz bilan sayohat!” loyihalari yo‘lga qo‘yildi.
Nomoddiy madaniy meros namunalarini tadqiq etish maqsadida 10 ta mahalliy va 1 ta xorijiy folklor ekspeditsiyalari amalga oshirildi.
“Rubob yasash va ijrochilik an’analari” bilan bog‘liq nomoddiy madaniy meros namunasi YUNESKOning xalqaro reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi...
Bunday misollarni yana uzoq davom ettirishimiz mumkin. Albatta, qilingan ishlar, yutuqlar o‘zimizniki. Shuning uchun ularga ko‘p to‘xtalib o‘tirmasdan, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, ularning kelib chiqish sabablari hamda bartaraf etish masalalariga e’tibor qaratsak, to‘g‘riroq bo‘ladi nazarimda" - dedi Ozodbek Nazarbekov.
So‘ng yig‘ilish kun tartibidagi quyidagi masalalar ko‘rib chiqilib, tanqidiy tahlil qilindi:
Birinchi masala – teatr va sirk san’ati sohasi;
Ikkinchi masala – konsert-tomosha yo‘nalishi;
Uchinchi masala – madaniyat markazlari va nomoddiy madaniy meros yo‘nalishi;
To‘rtinchi masala – madaniyat ta’limi yo‘nalishi;
Beshinchi masala – sohada korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishi;
Oltinchi masala – tizim tashkilotlarining moliyaviy-iqtisodiy faoliyati va nazorat tadbirlari yo‘nalishi;
Yettinchi masala – davlat-xususiy sheriklik yo‘nalishi;
Sakkizinchi masala – tizim tashkilotlarida davlat tiliga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi holati;
To‘qqizinchi masala – ijro intizomini mustahkamlash yo‘nalishi;
O‘ninchi masala – jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari holati;
O‘n birinchi masala – ko‘chmas mulk obyektlari va yer maydonlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
O‘n ikkinchi masala – madaniyat va san’at muassasalariga quyosh panellarini o‘rnatish.
Kun tartibidagi masalalarning tanqidiy tahlilidan kelib chiqib, kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi, berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlamaganligi hamda ish samaradorligi pastligi uchun bir qator hudud rahbarlariga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi hamda Respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi rahbari lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, yil davomida soha rivoji uchun hissa qo‘shib, samarali mehnat qilgan bir qator hududlar va xodimlar rag‘batlantirildi.
Hammaga yaxshi ma’lumki, Hurmatli Prezidentimizning 112-son qaroriga muvofiq, 2022 – 2024-yillar davomida tuman va shahar madaniyat bo‘limlariga jami 188 ta “Damas” avtotransport vositasi ajratilib topshirilgan edi.
Shunga qo‘shimcha sifatida, Farg‘ona viloyati madaniyat boshqarmasiga 2 ta, Toshkent viloyati va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalariga 1 tadan “Damas” avtotransport vositasi bilan rag‘batlantirildi.
Yig‘ilish davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuman va shaharlarida madaniy tadbirlarni yanada ko‘paytirish maqsadida viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari hamda respublika tashkilotlari Qoraqalpog‘istonning har bir tuman va shahariga biriktirildi.
Yig‘ilish yakunida yangi tayinlovlar amalga oshirilib, soha vakillariga tanishtirildi:
“Madaniyat ta’limi markazi” davlat muassasasi rahbari etib Djamaldinov Alisher Xudayberdiyevich tayinlandi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirining moliyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Xojanazarov Ilyas Muxammedovich tayinlandi.
"Qadrli do‘stlar!
Har qanday yaratib berilayotgan imkoniyat va ko‘rsatilayotgan e’tibor, albatta, mas’uliyat yukini orttirishi kerak.
Agar vijdonimizni o‘rtaga qo‘yib, xolis turib aytadigan bo‘lsak, bugun Davlatimiz Rahbari madaniyat va san’at sohasi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beryaptilar.
Shunga yarasha har birimiz mas’uliyatni chuqur his qilib, natija ko‘rsatishimiz kerak. Belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini so‘zsiz ta’minlashimiz zarur!
Yuqorida aytganimdek, ana shu natija, avvalo, xalqimiz hayotida ko‘rinsin. Aholimiz qilinayotgan sa’y-harakatlar samarasini sezsin.
Shunday ekan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari boshliqlari, vazirlik tizimidagi tashkilotlar rahbarlaridan yig‘ilish davomida ko‘tarilgan masalalarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirishlarini so‘rayman.
Bu borada barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat tilayman" - deya yig‘ilishni yakunladi Ozodbek Nazarbekov.