Vazir Ozodbek Nazarbekov Mudofaa vazirligida bo‘lib o‘tgan konferensiyada ishtirok etdi
2024-12-06 11:00:00 / Yangiliklar
Bugun, 6-dekabr kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Harbiy xizmatchilarda yuksak vatanparvarlik, yurtda fidoyilik sifatlarini yuksaltirishda madaniyat va san’atning o‘rni” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etib nutq so‘zladi, shuningdek, Mudofaa vazirligining Ma’naviyat va madaniyat departamenti jamoasini ochilgan yangi bino bilan samimiy tabrikladi.
“Sohibqiron Amir Temur bobomiz davlatni davlat darajasiga ko‘tarish uchun, avvalo, askarlar va harbiy sohaga katta e’tibor qaratgani tarixiy manbalardan yaxshi ma’lum. Bobomizning harb ilmiga oid qarashlari, hayotiy o‘gitlari hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. So‘nggi yillarda Hurmatli Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiliklarida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, sarhadlarimiz daxlsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash yo‘lida juda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar harbiy xizmatchilar va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviy saviyasi va intellektual salohiyatini yuksaltirish kabi ezgu maqsadlarni ham qamrab olgani alohida diqqatga sazovordir. Binobarin, biz yoshlarimizning qandaydir to‘qima yoki o‘ylab topilgan obrazlarga ergashib emas, aynan Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur singari buyuk tarix yozgan ajdodlarimizga havas qilib, ulardek haqiqiy vatanparvar bo‘lib kamolga yetishlarini istaymiz. Ta’lim-tarbiya jarayonida ham shunga intilamiz” – dedi vazir Ozodbek Nazarbekov nutqi davomida.