O'zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o'rinbosari Murodjon Majidovning O'zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o'rtasida hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo komissiyaning 13-yig'ilishidagi nutqi
2024-07-11 18:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum hurmatli hamkasblar, yig‘ilish ishtirokchilari!
Ozarbayjon delegatsiyasi a’zolarini sharq durdonasi bo‘lmish – Buxoro shahrida samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘lganimdan xursandman.
Mushtarak tarixiy ildizlar, o‘xshash milliy urf-odat va an’analar, mushtarak til, madaniyat va din qardosh Ozarbayjon bilan yaqin hamkorlikni belgilab beradi.
Atoqli oʻzbek va ozarbayjon mumtoz namoyandalari — Alisher Navoiy, Mirzo Ulugʻbek, Nizomiy Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy va boshqa bir qator ijodkorlarning asarlari oʻzbek va ozarbayjon tillariga tarjima qilingan.
Teatr sanʼati sohasida ham hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Ikki mamlakat teatrlarining o‘zaro gastrol safarlari yaxshi an’anaga aylangan.
Ta’lim sohasidagi hamkorlik ham o‘zining ahamiyati bilan ajralib turadi.
2023-yil ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorligimiz voqealarga boy bo‘ldi.
Ozarbayjon vakillari “Baxshilik san’ati”, “Maqom”, “Sharq taronalari” kabi xalqaro festivallarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.
2023-yil iyun oyida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida TURKSOY tashkilotining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda Ozarbayjon vakillarining ishtiroki katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
2021-2024-yillarda ikki davlatda har yili o‘zaro madaniyat kunlari va 10 dan ortiq teatr gastrollari tashkil etildi. O‘zbekiston va Ozarbayjonda tashkil etilgan 30 ga yaqin festival va ko‘rik-tanlovlarda ikki mamlakat san’at namoyandalari faol ishtirok etdi.
2023-yil avgust oyida Ozarbayjonda o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” yirik tarixiy voqeaga aylandi.
Joriy yilning yanvar oyida Boku shahrida O‘zbekiston fan va madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi.
Tantanali madaniy tadbirlar Ozarbayjon M.Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar institutida O‘zbekistonga oid qo‘lyozmalarga bag‘ishlangan noyob ko‘rgazma hamda “O‘zbekiston va Ozarbayjon: madaniyatlar muloqoti” davra suhbati bilan ochildi.
Joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonda tashkil etilgan “Ozarbayjon madaniyati kunlari” doirasida Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida Ozarbayjon davlat raqs ansamblining “Mening ozarbayjonim” nomli konserti bo‘lib o‘tdi, unda madaniyat va san’at namoyandalari, qardosh mamlakat, shuningdek, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun biz quyidagilarni taklif qilamiz:
1. Alohida Harakat dasturi asosida ikki tomonlama madaniy hamkorlik aloqalarini davom ettirish;
2. Hamkorlikda va TURKSOY tashkilot platformasi doirasida turkiy xalqlar madaniyati asoslarini ilmiy tadqiq qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish;
3. Ikki mamlakat madaniyat sohasida o‘tkaziladigan festival va tanlovlarda muntazam axborot almashish va ishtirok etishni ta’minlash;
4. Kino sohasida hamkorlikni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish. Joriy yilda Ozarbayjonda “O‘zbek kinosi kunlari”ni tashkil etish.
E'tiboringiz uchun rahmat!