Senatda O‘zbekistonning Orxus konvensiyasiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi Qonun loyihasi qabul qilindi
2025-02-05 12:00:00 / Yangiliklar
Ma'lumot uchun, 2024-yilning 14-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mazkur qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqilgan va qabul qilingan. Qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktyabrdagi “2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining “Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 5863-son Farmoni hamda 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 171-son qaroriga asosan ishlab chiqilgan.
Taʼkidlanganidek, mazkur Konvensiya insonning sogʻlom atrof-muhitga boʻlgan huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim xalqaro hujjat hisoblanadi. Konvensiyaning asosiy tamoyillari Oʻzbekistonning milliy ekologik strategiyasi mos keladi. Mamlakatimizning ushbu konvensiyaga qoʻshilishi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga yordam beradi va quyidagi huquqlarni kafolatlaydi:
— fuqarolarning davlat organlarida mavjud boʻlgan ekologik axborotni olish huquqi;
— fuqarolarning atrof-muhit holatiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan, xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq reja va dasturlar, strategiyalar va qonun hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etish huquqi;
— fuqarolarning axborotdan foydalanish yoki jamoatchilik ishtiroki bilan bogʻliq huquqlari buzilgan hollarda ularni sudda koʻrib chiqish jarayonlarida ishtirok etish huquqi.
Konvensiyaga qo‘shilish atrof-muhit sohasidagi milliy qonunchilikka rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratining zamonaviy tizimini rivojlantirish uchun asos boʻladi. Qolaversa, O‘zbekistonning demokratik rivojlanishi va ekologik xavfsizlikka boʻlgan saʼy-harakatlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilib, xalqaro maydondagi pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi.