Asosiy kontentga o'tish

Yoshlarning fan olimpiadalaridagi natijalari, maktabgacha ta’limda qamrov, ta’lim sifatini oshirish — ochiq muloqot

2025-04-05 10:00:00 / Yangiliklar

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Qoraqalpog‘iston Respublikasida soha mas’ullari hamda pedagoglar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan tadbirda hududda ta’lim sohasida olib borilayotgan bugungi islohotlar, mavjud kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Muloqot avvalida Davlatimiz rahbarining joriy yil 19-martdagi soha doir Farmoni va boshqa qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati, uning tizim faoliyatini oshirishdagi muhim o‘rni haqida fikr yuritildi.

Ta’kidlanganidek, maktab direktorlari va direktor o‘rinbosarlari oylik maoshlarining oshirilishi katta e’tibor va rag‘bat bilan birga, ularga mas’uliyat yuklaydi. Bu esa ularga o‘z o‘quv maskanida ta’lim sifatini oshirish hamda jamoaviy rivojlanishda katta motivatsiya berishi tabiiy.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan uchrashuvda hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada rivojlantirish, qamrov ko‘rsatkichlarini oshirishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha navbatdagi vazifalar ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilar bilimini shaffof baholashda yangi baholash tizimining o‘rni, yoshlarning fan olimpiadalaridagi natijalarini yanada ko‘tarishga doir masalalar muhokama qilindi.

Ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha mas’ullar axboroti tinglanib, ularga tegishli vazifalar berildi.

33

Oxirgi yangilanish: 2025-04-07 09:26:12

Yoshlarning fan olimpiadalaridagi natijalari, maktabgacha ta’limda qamrov, ta’lim sifatini oshirish — ochiq muloqot