“AQLVOY” AVTOBUSLARINI HUDUDLARGA KUZATISH TADBIRI
2025-03-14 14:20:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 14-mart kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan olis hududlarda yashovchi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishga mo‘ljallangan “Aqlvoy” avtobuslarini joylarga yuborish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Jahon Bankining “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi doirasida 30 ta qayta jihozlangan avtobuslar respublikamizning 11 ta hududlariga jo‘natildi.
Aytish lozimki, bu orqali maktabgacha ta’lim xizmatlarini yetkazish qiyin bo‘lgan tumanlarda 142 ta mobil guruhlar shakllantiriladi hamda qo‘shimcha 2 528 ta bola o‘rni yaratiladi.
Bundan ko‘zlangan maqsad – barcha bolalarga maktabgacha ta’lim xizmatlaridan teng foydalanish imkoniyatini yaratish hamda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirishdan iborat.
Mobil guruhlarda mashg‘ulotlar davomiyligi 2 navbatda 3 soatgacha davom etadi hamda barcha xizmatlar bepul tashkil etiladi. Avtobusda bolalar bo‘lgan vaqtda uning harakatlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Aqlvoy” avtobuslarida ta’lim berish va o‘yin faoliyatini tashkil etish uchun hududlarda 60 ta o‘yin maydonchalari normativlar asosida jihozlandi.
Buning uchun barcha hududlarda mobil guruhlari faoliyatini tashkil etish uchun maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan 3-7 yoshli bolalar ro‘yxati shakllantirildi.
Bir mobil guruhdagi bolalar soni (qayta jihozlangan avtobusning o‘rindiqlar sonidan kelib chiqqan holda) kamida 16 nafar, ko‘pi bilan 30 nafar bo‘lishi belgilangan.
Shuningdek, doimiy ravishda mobil guruhlarni yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, shuningdek, ularning jismoniy tarbiya va birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha malakasini oshirish yuzasidan qisqa muddatli o‘quv kurslari bepul tashkil etib boriladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi
vazirligi Axborot xizmati