Китобхон ходимлар. Муҳим восита
2024-12-17 08:10:00 / Янгиликлар
Kitob mutolaasi inson tafakkurini yuksaltiruvchi, maʼnaviy olamini boyituvchi eng muhim vosita hisoblanadi. Shu bois kitob oʻqishni oʻziga odat qilgan insonlar boshqalarga nisbatan teran fikrli, mulohazali boʻlishadi.
Fargʻona viloyati IIB JXX Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati batalyonida 1500 dan ortiq fondga ega moʻjazgina kutubxona tashkil etilgan. Xodimlar bu yerdan zarur adabiyotlarni topib oʻqish imkoniyatiga egadir.
Shunisi quvonarliki, batalyon xodimlari orasida kitobni oʻziga doʻst bilganlari juda koʻp. Masalan, leytenant Muhammadqodir Mahmudov, safdorlar — Azizjon Aʼzamjonov, Doniyor Ibragimov, Ahrorjon Tojiqulov kabi xodimlar koʻp kitob oʻqishda safdoshlariga oʻrnak boʻlishyapti.
Kutubxonadan kitoblarni uyga olib ketish, shu yerda oʻtirib oʻqish imkoniyati mavjud. Shuningdek, maxsus tabloda elektron kitoblarning shtrix kodlari ham joylashtirilgan.
Batalyon kutubxonasi «Eng yaxshi kutubxona» nominatsiya gʻolibi hamdir. Yaqinda oʻtkazilgan kitob yarmarkasida soha xodimlari huquqiy, siyosiy, tarixiy va badiiy adabiyotlardan oʻzlariga yoqqanini maqbul narxlarda xarid qilishdi.
Bundan tashqari, viloyat IIB hamda «Zakovat intellektual klubi» nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan «Zakovat» intellektual bahsida 21 ta jamoa orasida batalyon jamoasi faxrli 2-oʻringa sazovor boʻldi. Bu kabi tadbirlar soha xodimlarining maʼnaviy salohiyatini yanada yuksaltirishga, kitobxonlik madaniyatini oshirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Abduvosit SIDIQOV, oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.