SUV KELTIRGAN ELDA AZIZ
2025-01-20 10:05:00 / Yangiliklar

hamon tog‘lar darasi.
Insoniyat ibtidosin
Teshiktoshga qaratgan,
Mard elimsan, or-nomusning
qo‘rg‘onlarin yaratgan.
Neandertal odamning ham
ko‘zlari chaqnab kelgay,
Asrlarning qa’ridan u
sho‘rlik ham chanqab kelgay.
“Suv!..” deganday tegrasida
xazon bog‘lar “uvv...” deydi,
Ming yillarkim Boysun eli
“Suv!..” deydi-yo, “Suv!..” deydi.
G‘addorligu g‘irromlikka
hushi yo‘q, uquvi yo‘q,
Mehridaryo eldir o‘zi,
lek ichmoqqa suvi yo‘q.
Oybaldog‘im, Oysuluvim,
Oysanamim, Oysinglim,
Yuz yillarkim qo‘lda chelak,
ko‘zyoshlari soy, singlim.
Suv keltirgan elda aziz,
Suv keltirmoq – mard ishi,
Davlat ishi – xalq ishidir,
Xalq ishi – davlat ishi.
Ming asrlik sog‘inchlardan
jimirlar jonu tanim,
Mening jismu jonim sensan,
jismu jonim Vatanim!
Ulug‘laring umrlarin
tuprog‘ingga qorganlar,
Bir ariq suv so‘rab
hatto Maskovgacha borganlar.
Gapdon, epchil elchilaring
poytaxtlarga yuborib,
O‘z suvingni ololmading
ming yig‘lab, ming yolborib.
Keldilar so‘ng o‘xshab bir qop
shalviragan xashakka –
Tog‘day-tog‘day rayislaring
mixlandilar to‘shakka...
Eldoshlarim, joningizga
Olloh bermish to‘zimlar –
Emirildi Sizni ezgan
u mustabid tuzumlar.
... Bu bir munglug‘ rivoyatdir.
Bu bir g‘amgin hikoyat:
“Boysunga suv keltiring...” deb
jon berdingiz nihoyat.
Quruqshagan bog‘laringiz
kechalari zirqirar,
Ruhingizning qushlaridir:
“Suv...”, “Suv...” deya chirqirar.
Chirqiraydi ular hali
chorak asr tinmayin,
To bu elning shon-shavkatli
Rahnamosi kelmayin.
Suv keltirmoq – mard ishidir,
bahra olgay har kishi,
Xalq ishi – davlat ishidir,
Davlat ishi – xalq ishi.
Suv kelsa gar – nur kelgaydir,
yashnar kentu qishloqlar,
Yuz ming qalbda go‘yo birdan
porlar ming-ming chiroqlar.
Teshiktog‘im – beshiktog‘im,
men nechun bo‘lmay maftun,
Qatlam-qatlam hikmatdirsan,
qatlam-qatlam tamaddun.
Termiziylar ayvonidan
boqsam agar olamga –
Ham otamga o‘xshaydirsan,
ham o‘xshaysan onamga.
Do‘mbiraning qo‘sh tori yo
Oybarchin kokillari –
Qirlaringning kiftlaridan
tushgan temir yo‘llari.
Baland-baland tog‘laringdan
g‘urur olmish, qalb olmish,
Har qizing bir Oybarchindir,
har o‘g‘ling – bir Alpomish.
Qish o‘rtasi – bodomlaru
olchalarim gullagan,
Butun voha, bog‘u rog‘lar
misli xushbuy gul lagan.
Ona yurtim, sen bir yilda
topgan nash’u namolar
Ming yilda ham bo‘lmagan, der
yuzdan oshgan momolar.
Shu zamonning shashtlariga
men moslay qadamimni,
Qayroqsoyning toshlariga
charxlayin qalamimni.
Qayon boqsam – har qadamda
bog‘ paydo, chaman paydo,
Yangi uylar, yangi to‘ylar,
yurt paydo, Vatan paydo.
“Bahr un-najot”, “Nahr ul-hayot”
degan qutlug‘ kalomlar –
So‘z mulkining sultonidan
avlodlarga salomlar.
Suv degani najot demak,
Suv – bu obihayotdir,
Suv – bu go‘zal turmush demak,
Suv kelgan joy – oboddir.
Aslida-ku, sel duch kelsa,
sen simirgan xalqdirsan,
Tog‘ kelsa ham mardonavor
sen yemirgan xalqdirsan.
Ey yoronlar, xalqni ko‘ring,
ko‘ring orzu-havasin,
Biz yozmasak kim yozgaydir
bu kunlarning “Xamsa”sin?!.
El shod bo‘lib, mamlakat ham
obod bo‘lmog‘i kerak,
Har bir farzand eng kamida
Farhod bo‘lmog‘i kerak!
Boysundan to Zomin qadar,
Urganchdan to Andijon,
Ona yurtim, duraxshonsan,
Ota yurtim – nurafshon.
Men ham sening qirlaringda
o‘sgan maysa-lolangman,
Bir boychechak visoliga
chanqoq shoir bolangman.
Jamolingni ko‘z-ko‘z aylab
ko‘z o‘ynatgim keladi,
Boychiborni o‘ynatganday
so‘z o‘ynatgim keladi.
Suv yo‘li – bu nur yo‘lidir,
Suv keltirgay mard kishi,
Davlat ishi – xalq ishidir,
Xalq ishi – davlat ishi.
Suv kelgaydir Boysun tomon
Xo‘jamahixonadan,
O‘n sakkiz ming uy va eshik,
o‘n sakkiz ming xonadon –
Mening yaxlit ko‘nglim yanglig‘
yorishgaydir bir zumda,
Eldoshlarim ko‘zidagi
yoshlar – mening yuzimda.
Duoga qo‘l oching demak,
Hoji Bobo, oqsoqol:
Toki shu el, shu xalq, Vatan
aslo topmasin zavol.
Dunyo turguncha bor bo‘lsin,
Parvardigor yor bo‘lsin,
Suv keltirgan mardlarining
Davlati poydor bo‘lsin!