SUVNI ASRANG, TEJANG VA UNUMLI ISHLATING
2025-01-17 16:10:00 / Yangiliklar
Duolar ijobat bo‘lib, osmondan rizqu ro‘z, baraka yog‘ib, suv mo‘l bo‘lgan sharoitda ham obi rahmatni tejash, behuda sarflamaslik, samarali ishlatish eng ustuvor vazifa bo‘lishi darkor.
Suv xo‘jaligi vazirligi hay’atining bugun bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida sug‘orish mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, vazirlik tasarrufidagi nasos stansiyalari, magistral kanallar, irrigatsiya tizimlari, ichki xo‘jalik sug‘orish tarmoqlari, sug‘orish va meliorativ quduqlarni ta’mirlashni yakuniga yetkazish, kanallarni betonlashga asosiy e’tibor qaratildi.
Bu boradagi kamchiliklar, rejadagi ishlarni vaqtida bajarmaslik holatlari tanqid qilindi. Misol uchun, Norin-Qoradaryo ITHB huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan rejadagi 100 ta nasos agregatidan 77 tasi, 7 ta sug‘orish qudug‘idan 3 tasi haligacha ta’mirlanmagan.
Sirdaryo-Zarafshon ITHB huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan rejadagi 15 ta nasos agregatidan 11 tasi, 10 ta sug‘orish qudug‘idan 6 tasi ta’mirlab bo‘linmagan.
2024-2025-yillar kuzgi-qishki tadbirlari boshlanganiga qariyb 5 oy bo‘lganiga qaramasdan irrigasiya tarmoqlarini sug‘orish mavsumiga tayyorlash topshiriqlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida 67,0 foiz, Qashqadaryo viloyatida 56,0 foiz, Navoiy viloyatida 69,0 foiz hamda Toshkent viloyatida 61,0 foizga bajarilgan.
Surxondaryo, Farg‘ona, Samarqand viloyatlari suv xo‘jaligi tashkilotlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha ekilgan ko‘chatlarni platformaga kiritishni yakuniga yetkazmagan.
Yig‘ilishda Suv xo‘jaligi vaziri, hay’at raisi Sh.Xamrayev sho‘r yuvishda suvni isrof qilmaslik, melioratsiya tashkilotlari rahbarlari mas’uliyatini oshirish, kollektorlarning muhofaza zonasidagi yerlardan unumli foydalanish, 25-30 mingtalab o‘rdak boqadigan majmualar tashkil etib, yangi ish o‘rinlari va yoshlar uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish haqida topshiriqlar berdi.
Nasos stansiyalari va agregatlarni ta’mirlashni jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Ochiq va shaffof tarzda o‘tgan, hududlardan suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari onlayn qatnashgan hay’at yig‘ilishida korrupsiyaga qarshi kurashish, ijro intizomini mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Axborot xizmati