BARChA SUV OMBORLARIDA XAVFSIZ ChORALARI KO‘RILGAN
2025-01-12 11:10:00 / Yangiliklar
Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Rustam Qarshievning bayonotiga ko‘ra, bugungi kunda suv omborlarida 12,6 mlrd kub metr suv yig‘ilgan. O‘tgan yilning shu davriga solishtirganda, 3 mlrd metr ko‘p suv to‘plangan.
1991-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan davrda dekabr oyidagi yog‘in miqdorlari tahlil qilinganida, 2024-yilning so‘nggi oyida yog‘ingarchilik ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichning 70 foizidan kam bo‘lgan. Shuningdek, tahlillarga asosan 2025-yilning bahor oylarida yog‘ingarchilik ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan kam bo‘lishi kutilmoqda. Shuni hisobga olgan holda Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan barcha suv omborlariga aholining xavfsizlik choralari va inshootlarning ekspluatasiya qoidalariga qat’iy amal qilgan holda suv yig‘ish choralari ko‘rilmoqda.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Oqdaryo suv omboridagi vaziyat haqida axborot tarqaldi. Ushbu suv ombori 130 mln kub metrgacha suv yig‘ish imkoniga ega bo‘lib, bugungi kunda 105 mln kub metr suv to‘plangan. Oqdaryo suv omboriga yana
15-20 mln kub metr suv yig‘ish mumkin. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida suv omboriga suv kirish va chiqish miqdori bir xil (tranzit) holatga keltirilgan.
Bundan ikki hafta oldin Hukumat rahbarining maxsus topshirig‘i bilan Suv xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va boshqa tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat komissiya tuzilib, respublikamizdagi barcha suv omborlarining texnik va xavfsizlik holatini o‘rganish maqsadida ishchi guruhlar shakllantirildi. Ishchi guruhlar joylarga chiqib, xavfsizlik choralarini belgilab olmoqda.
Shuni qat’iy ishonch bilan aytamizki, hozirgi paytda barcha suv omborlarida xavfsizlik choralari ko‘rilgan, navbatchilik kuchaytirilgan, zarur moddiy-texnik materiallar zaxiralari yaratilgan. Hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q.
Suv xo‘jaligi vazirligi
Axborot xizmati