«HAZORBOG‘-OQQAPCHIG‘AY» KANALLAR TIZIMINING 156 KILOMETR QISMI REKONSTRUKSIYASI YAKUNLANDI
2024-12-31 09:30:00 / Yangiliklar
Loyiha doirasida Surxondaryo viloyatining 5 ta tumani hududidan o‘tuvchi «Hazorbog‘»-«Oqqapchig‘ay» kanallari tizimining 156 kilometr uzunlikdagi qismi rekonstruksiya qilindi. Keng ko‘lamli qayta tiklash jarayonida kanallardagi 538 dona gidrotexnik inshoot yangilanib, 27 ta avtomobil ko‘prigi barpo qilindi.
30-dekabr kuni Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida joylashgan «Xo‘jaipok» sanatoriyasi hududida, ya’ni «Hazorbog‘» kanalining bosh qismida loyihada belgilangan rekonstruksiya ishlari yakunlanganligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, tumanlar hokimlari hamda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar, viloyat faollari ishtirok etdi.
Loyihada bajarilgan rekonstruksiya ishlari tufayli viloyatning 103,4 ming gektar ekin maydonlari suv ta’minoti yaxshilanadi. Jumladan, Sherobod tumanidagi 38,5 ming gektar yer o‘zi oqar suv ta’minotiga o‘tkazilib, bir necha nasos stansiyalari to‘xtatilishi evaziga elektr energiyasi tejaladi, suv yo‘qotilishi 40 foizga kamayadi, kanallar betonlashtirilgani evaziga iste’molchilar dalasiga suv yetib borishi 3-4 kundan 16 soatgacha qisqaradi, eng muhimi, yerlarni foydalanishga kiritish hisobiga 232 ming aholining qishloq xo‘jaligida bandligini ta’minlash imkoni yaratiladi.
Suv xo‘jaligi vaziri Surxondaryo viloyatida sohani rivojlantirish uchun yana bir qator loyihalar asosida ishlar bajarilayotgani, kelgusi yil 55 ta nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilganini ta’kidladi. Tadbirda so‘z olgan nuroniylar Prezidentimiz g‘amxo‘rligi bilan viloyatda kanallar va boshqa sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ulkan samara berayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etishdi.
Tadbirda Amu-Surxon ITHB va tizim tashkilotlari salohiyatini oshirish maqsadida 4 ta ekskavator, 10 ta yuk tashuvchi motorellyor, 4 ta «Pikap» rusumli avtomashina, 6 ta traktor va 4 ta tirkama topshirildi.
(Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati olgan suratlardan foydalanildi).
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati