SUV KODEKSI LOYIHASI MUHOKAMA QILINDI
2024-08-06 11:15:00 / Yangiliklar
Suv kodeksi loyihasi
Hozirgi vaqtda suv resurslarini boshqarish, undan foydalanish va muhofaza qilish sohasidagi ijtimoiy munosabatlar 10 ga yaqin qonunlar — O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, jami 20 dan ortiq qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelinmoqda.
Ushbu hujjatlar suv munosabatlarini huquqiy tartibga solishga asos solgan bo‘lsa-da, sohadagi munosabatlarni izchil va tizimli hal etadigan, suv qonunchiligining yagona muvofiqlashtirilgan tizimini shakllantirishni yetarli darajada ta’minlay olmadi. Jumladan, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘plab kiritilgan o‘zgartirishlar va qonunosti hujjatlari normalarining takrorlanishini va huquqiy tartibga solishdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etmadi.
Shu bois Suv kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. U suv va suvdan foydalanish sohasida yaxlit huquqiy hujjat bo‘ladi.
Suv kodeksi loyihasida bir qator muhim normalar o‘z aksini topmoqda. Jumladan, suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, vazifa va funksiyalariga aniqlik kiritilyapti. Qolaversa, suvni yetkazib berish xizmati uchun to‘lovlar suv yetkazib berish xarajatlarini qoplashi hamda suv yetkazib beruvchining rentabelligini ta’minlashi zarurligi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish shartlari belgilab berilib, suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlari soddalashtirilmoqda.
Qonun loyihasi bilan suv fondi yerlari, shu jumladan tabiiy suv manbalari hududlari (daryolar, soylar, jilg‘alar, ko‘llar, botqoqliklar va buloqlar) Suv xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy tizim tashkilotlarining balansiga o‘tkazilishi ham taklif etilmoqda.
Xorijiy tajriba o‘rganildi
Hujjat loyihasini ishlab chiqishga Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi va Osiyo Taraqqiyot Banki xalqaro ekspertlari va mutaxassislari jalb qilindi.
Suv kodeksini ishlab chiqishga tayyorgarlik bosqichi sifatida xorijiy mamlakatlar, ayniqsa, tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari, huquqiy tizimlari o‘xshash bo‘lgan mamlakatlarda suv munosabatlarini huquqiy tartibga solish tajribasi o‘rganildi.
Jumladan, Qozog‘iston Respublikasi Suv kodeksi (2003-y), Qirg‘iziston Respublikasi Suv kodeksi (2005-y), Rossiya Federatsiyasi Suv kodeksi (2006-y), Tojikiston Respublikasi Suv kodeksi (2020-y.), Turkmaniston Suv kodeksi (2019-y.), Xitoy Xalq Respublikasi Suv to‘g‘risidagi qonuni (2002-y), Armaniston Respublikasi Suv kodeksi (2002-y), Belarus Respublikasi Suv kodeksi (2014-y.)da belgilangan norma va qoidalar tahlil qilindi. O‘zbekiston huquqiy tizimining roman-german huquqiga yaqinligini hisobga olib, Fransiya, Germaniya va Estoniya davlatlarining suv qonunchiligi ham o‘rganib chiqildi.
2006-yilda qabul qilingan MDHning Modelli suv kodeksiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu hujjat suvdan barqaror foydalanish hamda suv ob’ektlari va resurslarini muhofaza qilishga qaratilgan suv siyosatining asosiy tamoyillarini belgilaydi.
Shuningdek, suv munosabatlarini tartibga solishning o‘ziga xos jihatiga qarab, boshqa mamlakatlar tajribasi ham ko‘rib chiqildi. Masalan, havzaviy tashkilotlarning roli va majburiyatlari hamda ularning mahalliy hokimiyat organlari bilan aloqalari (Fransiya tajribasi), SIUlar va klasterlar bilan suv resurslarini boshqarish (Turkiya tajribasi), irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilish orqali suv taqsimoti va tejash masalalari bo‘yicha (Isroil va Avstraliya tajribasi), qurg‘oqchilikka va suv resurslari mavjudligining o‘zgaruvchanligiga qarshi kurash (Ispaniya tajribasi), aylanma iqtisodiyot - oqova suvlarni qayta ishlatish (Iordaniya, Ispaniya, Isroil tajribasi), atrof-muhitni muhofaza qilish (Avstraliya, Janubiy Afrika va Yevropa Ittifoqi tajribasi) kabilar e’tiborga olindi.
Ishlab chiqilgan Suv kodeksi loyihasi 11 ta bo‘lim, 34 ta bob va 200 ta moddadan iborat bo‘lib, unda “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 4 ta qarorlaridagi normalar birlashtirilgan.
Hujjat takomillashtiriladi
Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Suv kodeksini ikkinchi o‘qishga tayyorlash uchun 2024-yil 6-avgust kuni Suv xo‘jaligi vazirligida davra suhbati o‘tkazildi. Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev olib borgan tadbirda vazir o‘rinbosarlari, vazirlik markaziy apparati boshqarma va bo‘lim boshliqlari, Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi GEF agentligi rahbari Vadim Sokolov, Markaziy Osiyo Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining Ilmiy-axborot markazi direktori Dinara Ziganshina, Zoom platformasi orqali Qoraqalpog‘iston Respuyulikasi Suv xo‘jaligi vaziri, viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshliqlari, shu kunlarda hududlarda o‘rganish va ilmiy kuzatuvlar olib borayotgan Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari va doktorantlari qatnashdi.
Davra suhbatida Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraуev kodeks – o‘z hayotini ushbu sohaga bog‘laganlar uchun o‘ta muhim va tarixiy hujjat ekanligini ta’kidlab, uni takomillashtirish, xalqchil ko‘rinishga keltirish uchun takliflar berishga chaqirdi. Shuningdek, kelgusida kodeks ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar hujjat loyihasi haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Kodeks suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratishga, suv yetkazib beruvchilar va suv iste’molchilarining mas’uliyati oshirishga, suvdan foydalanishda ruxsatnoma olish tartibi soddalashtirilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Axborot xizmati