
Korrupsiyaga qarshi kurash

Navoiy viloyatida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlis qatnashchilari viloyatda korrupsiyaga va jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni keng muhokama qilib, sohada mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘llarini tahlil etdi.
Qayd etilganidek, ayrim hududlarda huquqbuzarliklar soni oshib borayotgani va aholi o‘rtasida huquqiy bilimlar yetishmasligi kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Shu munosabat bilan ushbu muammolarni hal etishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, joylardagi hokimiyat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi alohida qayd etildi.
Joylarda aholining huquqiy ongini oshirish, korrupsiyaviy xavf omillarini bartaraf etish, mansabdor shaxslarning mas’uliyatini kuchaytirish, profilaktik tadbirlarni izchil amalga oshirish va hududlarda xavfsizlikni ta’minlashga doir bir qator chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, shaffoflikni ta’minlash, aholi muammolarini hal etishga qaratilgan yangi yondashuvlarni joriy etish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi masalalar bo‘yicha tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Tadbir yakunida davlat organlari va jamoatchilikning hamkorligini kuchaytirish, fuqarolarning davlat idoralariga ishonchini mustahkamlash, odamlarni rozi qilishga qaratilgan choralar belgilandi.


