Inspeksiya haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi “Ma’muriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-94-sonli Farmoniga asosan, Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi negizida Transport vazirligi huzurida Transport nazorati inspeksiyasi tashkil etildi hamda unga Transport vazirligining 269 ta shtat birligi o‘tkazildi.
Transport nazorati inspeksiyasi avtomobil, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligi sohalarida nazorat funksiyalarini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Transport nazorati inspeksiyasining vakolatlari va vazifalari yuqoridagi qayd etilgan Farmon hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 668-son qarori bilan belgilab berilgan.
Inspeksiya va uning hududiy boʻlinmalarining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
avtomobil, temir yoʻl, suv, elektr transporti va metropolitenda tashish xavfsizligini taʼminlash yuzasidan oʻz vakolati doirasida davlat nazoratini amalga oshirish;
avtomobil yoʻllari va sunʼiy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlashda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan avtomobilda xalqaro tashish shartlariga rioya etilishini nazorat qilish;
respublika hududida (Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari bundan mustasno) avtotransport vositalarining ruxsat etilgan vazn va gabarit parametrlariga rioya etilishini nazorat qilish;
yuk va yoʻlovchilarni tashishda haydovchilarning hamda lokomotiv brigadalari ishchilarining mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish;
harakatdagi temir yoʻl tarkibi hamda infratuzilmasi obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish orqali ularni hisobga olish va yagona reyestrini yuritish.
Inspeksiya va uning hududiy boʻlinmalari oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) avtomobil, temir yoʻl, suv, elektr transporti va metropolitenda tashish xavfsizligini taʼminlash yuzasidan oʻz vakolati doirasida davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:
a) avtomobilda tashishlar va harakat xavfsizligi taʼminlanishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish boʻyicha:
yoʻlovchilar, bagaj va yuk tashish qoidalariga rioya etish, yoʻlovchilar va yuk tashish xavfsizligi, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish madaniyatining zarur darajasini taʼminlash, yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarida transport vositalarining bir maromda harakatlanishi, belgilangan harakat jadvali va oraliq intervallariga rioya etilishini;
yoʻlovchilar hayoti, sogʻligi va (yoki) mulkiga zarar yetkazganlik uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalashga oid majburiyatlarning bajarilishini;
tashuvchining litsenziya talablari va shartlariga, ruxsatnoma hujjatlari shartlariga rioya qilishini;
yoʻnalishsiz taksilarda yoʻlovchilarni tashish qoidalariga hamda transport vositalarini jihozlashga qoʻyiladigan talablarga rioya etilishini;
avtovokzal (avtostansiya)ning faoliyat koʻrsatishiga qoʻyilgan talablarga rioya etilishini nazorat qiladi;
b) suv transportida tashishlar va harakat xavfsizligi taʼminlanishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish boʻyicha:
suv transportida tashish xavfsizligini taʼminlash yuzasidan oʻz vakolati doirasida davlat nazoratini amalga oshiradi;
suv transportida yuk va yoʻlovchilar tashishni tashkil etish va takomillashtirish, shuningdek, suzish xavfsizligini tashkil etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar kiritadi;
suv transportini rivojlantirishning kompleks dasturlarini, shuningdek, suzish xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, suv transporti faoliyatini muvofiqlashtiradi;
kemalarni roʻyxatga/qayta roʻyxatga oladi va texnik koʻriklardan oʻtkazadi;
kemalarni qurish, yangidan jihozlash va taʼmirlash davrida texnik nazoratni amalga oshiradi;
kemalarning texnik-loyiha hujjatlarining Registr qoidalari va mahalliy suzish shartlariga muvofiqligini tekshiradi, kelishadi va ekspert xulosasini beradi;
suv havzalarida kechuvlarni tashkil etishda texnik talablarni belgilaydi va ularning faoliyatini nazorat qiladi;
suv transportida sodir etilgan avariya hodisalari sabablarini aniqlash ishlarida ishtirok etadi, tahlil etadi va ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilaydi;
suv transportida, shu jumladan, suzish xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha kadrlarni oʻqitish va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida suvda xalqaro tashish shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi;
suv transportida kema hujjatlari mavjudligini nazorat qiladi;
kema ekipaji aʼzolarining bilimlarini tekshiradi;
kema haydovchilarini attestatsiyadan oʻtkazadi va kema haydovchisi guvohnomalarini beradi;
v) temir yoʻl transporti hamda metropolitenda tashishlar va harakat xavfsizligi taʼminlanishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish boʻyicha:
harakatdagi temir yoʻl tarkibi va infratuzilmasi obyektlariga ega boʻlgan yoki ulardan foydalanuvchi xoʻjalik boshqaruvi hamda ijro etuvchi hokimiyat organlari, tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida temir yoʻl transporti sohasida faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslar, ularning boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — temir yoʻl transporti subyektlari) tomonidan umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda, metropolitenda va temir yoʻl shoxobcha yoʻllarida temir yoʻl transporti sohasidagi yuk va yoʻlovchilar tashish, harakat xavfsizligini taʼminlashga oid normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
temir yoʻl transporti subyektlarining yuk va yoʻlovchi tashishda harakatdagi temir yoʻl tarkibi, texnik vositalari, jihozlari va infratuzilmasi obyektlarini ishchi holatda saqlash, ekspluatatsiya qilish, ularga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qiladi;
temir yoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan oʻz vakolati doirasida davlat nazoratini amalga oshiradi;
temir yoʻl transporti va metropoliten infratuzilmasi obyektlarini quradigan hamda ishlab chiqaradigan korxonalar va tashkilotlarda temir yoʻl mahsulotini ishlab chiqarish, kapital qayta tiklash va rejali taʼmirlash turlarini amalga oshirishda texnologik jarayonlarga hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qiladi;
temir yoʻl transporti va metropoliten obyektlarini quradigan hamda ulardan foydalanuvchi korxonalar va tashkilotlar faoliyatini ularda poyezdlarning xavfsiz harakatlanishini taʼminlash boʻyicha texnik tekshirishni tashkil etadi va amalga oshiradi;
temir yoʻl transporti va metropoliten obyektlari, mahsulotlari hamda texnologiyalarining qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi yuzasidan ularni doimiy yoki vaqtincha foydalanishga qabul qilishda ishtirok etadi;
temir yoʻl transporti subyektlari va metropoliten tomonidan temir yoʻllarda poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga va temir yoʻlda tashishlar xavfsizligini taʼminlaydigan texnik vositalarning ishonchliligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda bajarilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
oʻzining temir yoʻllariga ega boʻlgan subyektlarning huquqbuzarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari natijalarini ularning faoliyatiga aralashmagan holda tahlil etadi va baholaydi;
temir yoʻl transportida xavfli yuklar tranziti, qurol-yarogʻ, harbiy texnika va harbiy mol-mulkning, shuningdek, harbiy tarkiblarning tranziti boʻyicha belgilangan tartibda xulosalar beradi;
temir yoʻl transporti va metropolitenda poyezdlar halokati hamda avariyalar boʻyicha xizmat tekshiruvlarini tashkil etadi va amalga oshiradi;
temir yoʻl transporti subyektlari tomonidan temir yoʻl transporti hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bogʻliq hodisalar sodir boʻlganda, xizmat tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha komissiya tarkibida ishtirok etadi va xizmat tekshiruvlari hisobini yuritadi;
temir yoʻl transporti hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bogʻliq hodisalar toʻgʻri tasniflanishini, ular tomonidan xizmat tekshiruvlarining belgilangan muddatlarda, xolisona oʻtkazilishi va toʻgʻriligini nazorat qiladi;
oʻz vakolati doirasida Oʻzbekiston Respublikasining yoʻlovchi poyezdlarining boshqa davlatlar hududida yuz bergan avariya va halokatlarining xizmat tekshiruvi ishlarida belgilangan tartibda ishtirok etadi;
2) avtomobil yoʻllari va sunʼiy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlashda (keyingi oʻrinlarda — yoʻl qurilishi) shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish sohasida:
yoʻl qurilishi obyektlarida bajariladigan qurilish-montaj va taʼmirlash ishlarining, shuningdek, ularda qoʻllaniladigan materiallar hamda konstruksiyalarning shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda loyiha hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat nazoratini taʼminlaydi;
yoʻl qurilishi obyektining loyiha hujjatlarida qabul qilingan texnik yechimlar, shuningdek, yoʻl qurilishi jarayonida loyiha hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirishlarning qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini nazorat qiladi;
yoʻl qurilishi obyektlarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda texnik, mualliflik va ichki nazorat yuritilishi ustidan davlat nazoratini taʼminlaydi;
qurilishi tugallangan yoʻl obyektlarini foydalanishga qabul qilish komissiyalarining ishida ishtirok etadi, bajarilgan qurilish-montaj va taʼmirlash ishlarining tasdiqlangan loyiha hujjatlariga muvofiqligi hamda ishlarning sifatini aniqlash boʻyicha diagnostika va laboratoriya sinovlari oʻtkazilishini nazorat qiladi;
avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilar hamda avtomobil yoʻllarini balansida saqlovchilarning qoidabuzarliklar toʻgʻrisida kiritgan maʼlumotlari asosida yoʻllar, shahar koʻchalari va boshqa aholi punktlarida yoʻl toʻshamasini oʻzboshimchalik bilan qazish, ularda sunʼiy notekisliklar va toʻsiqlar yaratish hamda qayta tiklash ishlarini nazorat qiladi;
yoʻl qurilishida shaharsozlik qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilishni tashkil etish borasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
3) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan avtomobilda xalqaro tashish shartlariga rioya etilishini nazorat qilish sohasida:
avtomobilda xalqaro yuk va yoʻlovchi tashish shartlariga rioya etilishini;
yoʻlovchilar, bagaj va yuklarni muntazam hamda nomuntazam tashish uchun ruxsat beruvchi hujjatlar mavjudligini;
harakat jadvaliga rioya qilinishini;
xalqaro avtomobilda yoʻlovchilar va bagajni nomuntazam tashishlarda yoʻlovchilar roʻyxati mavjudligini;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarga tegishli boʻlgan avtotransport vositalarida yoʻlovchilar, bagaj yoki yuklarni tashish, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha keltirilgan xorijiy davlatlar avtotransport vositalarida tashishda (kabotaj tashishda) xalqaro shartnomalar shartlariga rioya etilishini;
xorijiy davlatlarga tegishli boʻlgan avtotransport vositalari haydovchilarining Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan harakatlar chizmasiga rioya etishini;
avtomobilda yuk va yoʻlovchilarni xalqaro tashishda tashuvchilarning avtotransport vositasining davlat hududi boʻylab oʻtishi va tegishli tashish turini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma blankalarisiz tashish bilan shugʻullanishi, ruxsatnoma blankalarini toʻldirish boʻyicha talablarni buzishi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab tranzit oʻtishi uchun moʻljallangan yoʻnalishlarda harakatlanishini nazorat qiladi;
4) respublika hududida (Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari bundan mustasno) avtotransport vositalarining ruxsat etilgan vazn va gabarit parametrlariga rioya etilishini nazorat qilish sohasida:
statsionar va mobil postlarda transport vositalarining vazn hamda hajm parametrlariga (ogʻirlik, uzunlik, balandlik, kenglik va boshqalar) muvofiqligini;
katta hajmli va ogʻir vaznli transport vositalarining harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnomalar mavjudligini;
Oʻzbekiston Respublikasi chegarasini kesib oʻtuvchi va tranzit hudud boʻylab xavfli yuk bilan harakatlanuvchi transport vositalarida:
xavfli yukni tashishga ruxsatnomasi mavjudligini;
yoʻnalish marshrutining mavjudligini;
tashuvlar kuzatuv asosida amalga oshirilayotganligini;
tashilayotgan xavfli yuklarni tovar transport hujjatlariga xosligini hamda harakatlanish tartibi buzilmaganligini nazorat qiladi;
5) yuk va yoʻlovchilarni tashishda haydovchilarning hamda lokomotiv brigadalari ishchilarining mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish sohasida:
haydovchilarning shaharlararo va xalqaro yoʻlovchi tashish avtobuslarini, xalqaro yuk tashiladigan transport vositalarini nazorat asboblarisiz (taxograflarsiz, nosoz taxografdan foydalangan yoki taxografni oʻchirgan holda hamda haydovchida maxsus taxograf kartasiz) boshqarishi, shuningdek, ishlash va dam olish rejimini buzishi (taxograf maʼlumotlariga asosan) yoki boshqa huquqiy asoslarga koʻra mehnat va dam olish tartibiga rioya etganligini tekshiradi;
raqamli texnologiyalarni qoʻllagan holda, temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchilarni tashishda lokomotiv brigadalari ishchilarining mehnat hamda dam olish rejimini nazorat qiladi;
yuk va yoʻlovchilarni tashishda haydovchilarning mehnat hamda dam olish rejimini tekshirish jarayonida qonun buzilishi holatlari yuzasidan qoʻshimcha holatlar aniqlangan taqdirda, tegishliligi boʻyicha boshqa davlat organlariga koʻrib chiqish uchun yuboradi;
6) harakatdagi temir yoʻl tarkibi hamda infratuzilmasi obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish orqali ularni hisobga olish va yagona reyestrini yuritish sohasida:
harakatdagi temir yoʻl tarkibi hamda infratuzilmasi obyektlarini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va roʻyxatdan chiqarish orqali ularning hisobini yuritadi;
harakatdagi temir yoʻl tarkibi hamda infratuzilmasi obyektlarining yagona reyestrini yuritadi;
harakatdagi temir yoʻl tarkibi hamda infratuzilmasi obyektlarini hisobga olish uchun taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlar toʻgʻriligini joyiga chiqqan holda oʻrganadi, texnik holatini koʻrikdan oʻtkazadi va uning natijalari asosida maʼlumotlar yagona reyestrga kiritilishini nazorat qiladi;
harakatdagi temir yoʻl tarkibi hamda infratuzilmasi obyektlarining roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnomalar beradi;
majburiy talablar buzilishining oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qoʻyishga qaratilgan maʼlumotlarni temir yoʻl transporti subyektlari faoliyatiga aralashmagan holda toʻplash, umumlashtirish va tahlil qilish orqali temir yoʻl transporti subyektlari faoliyatini oʻz vakolatlari doirasida monitoring qiladi.
