RASMIY MUNOSABAT
2026-11-02 23:30:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Transport nazorati inspeksiyasi Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi inspektori tomonidan yuk hujjatlarini tekshirish jarayonida yuzaga kelgan holat yuzasidan tarqalgan xabarlar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Jumladan, inspektor tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida yuk avtomobili haydovchisidan tovar-transport yuk xati talab qilingan. Haydovchi tomonidan mazkur hujjat qog‘oz shaklida taqdim etilgan.
Shundan so‘ng inspektor amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, tovar-transport yuk xatlari elektron shaklda rasmiylashtirilishi lozimligini haydovchiga tushuntirgan. Tegishli tushuntirishlar berilgach, haydovchi harakatini davom ettirgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-oktabrdagi «Soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 673-son qaroriga muvofiq, tovar-transport yuk xatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish belgilangan.
Shu bilan birga, tovar-transport yuk xatini elektron shaklda rasmiylashtirish jarayonida texnik nosozliklar yuzaga kelgan taqdirda, ushbu hujjatni qog‘oz shaklida rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda texnik nosozliklar elektron tovar-transport yuk xatlari tizimi operatori tomonidan rasman tasdiqlangan bo‘lishi shart.
Shuningdek, axborot tizimidagi texnik nosozliklar bartaraf etilganidan so‘ng besh kalendar kun ichida qog‘oz shaklida rasmiylashtirilgan tovar-transport yuk xatida ko‘rsatilgan sana bilan elektron shaklda axborot tizimiga kiritilishi lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, tovar-transport yuk xatlarini rasmiylashtirishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etish, shuningdek, ularni qog‘oz shaklida rasmiylashtirish uchun belgilangan istisno holatlar va tartiblarga amal qilish zarurligini eslatib o‘tamiz.
Transport nazorati inspeksiyasi
Axborot xizmati
