Talabalar va soha vakillari uchrashuvi
2026-10-29 23:45:00 / Yangiliklar

Transport nazorati inspeksiyasining Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududiy bo‘limlari xodimlari Transport universiteti talabalari bilan uchrashuv o‘tkazishdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — talabalarni transport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohadagi zamonaviy yondashuvlar, transport nazorati tizimining faoliyati hamda kelajakdagi kasbiy imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida inspeksiya xodimlari transport sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishi, tashish jarayonlarida xavfsizlikni ta’minlash, sohada nazorat mexanizmlarining ahamiyati va malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalari yuzasidan talabalarga ma’lumot berdilar.
Shuningdek, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, transport sohasidagi amaliy faoliyat, mutaxassislarning vazifalari hamda kelajakda ishga joylashish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Mazkur uchrashuv talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitish, ularning sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ta’lim muassasasi bilan tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

