Yoshlar bilan ochiq va samimiy suhbat
2026-09-04 12:15:00 / Yangiliklar

Yoshlar kuni munosabati bilan Transport nazorati inspeksiyasi Avtomobil transportida nazorat Jizzax viloyati hududiy bo‘limi inspektorlari tomonidan Jizzax shahridagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy va transport sohasidagi bilimlarini oshirish, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilish bo‘yicha tushunchalarini mustahkamlash hamda kelajakda transport sohasi mutaxassisliklariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida o‘quvchilarga avtomobil transporti sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Transport nazorati inspeksiyasining vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, yo‘llarda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, piyodalar va yoshlar o‘rtasida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Samimiy va ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, transport sohasi, nazorat faoliyati va tegishli kasblar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
