Mustaqillik — eng ulug‘ va eng aziz ne’mat
2026-09-02 10:42:00 / Yangiliklar

Transport nazorati inspeksiyasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Jamshid Karimov inspeksiya xodimlarini xalqimiz hayotidagi eng ulug‘ va qutlug‘ ayyom — Mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, mustaqillik yillarida yurtimizda barcha sohalar qatori transport tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, sohaning huquqiy va tashkiliy asoslari mustahkamlanib bormoqda. Bu jarayonda o‘z xizmat vazifalariga fidoyilik bilan yondashayotgan, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan xodimlarning mehnati alohida e’tirofga loyiq.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni asosida ta’sis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlarini tantanali topshirish marosimi ham o‘tkazildi.
Quvonarlisi, inspeksiyaning 70 nafar xodimi Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mazkur esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, inspeksiyada samarali va namunali faoliyat olib borayotgan bir guruh xodimlarga Faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Tadbirda yaqinda o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi xodimi” tanlovida g‘olib va sovrindor bo‘lgan xodimlar ham munosib taqdirlandi. Ularning kasbiy bilim va mahorati, amaliy ko‘nikmalari hamda sportdagi natijalari e’tirof etilib, pul mukofotiga loyiq ko‘rilishdi.
Bayram tadbiri ko‘tarinki kayfiyat, samimiy tilaklar va Vatanga bo‘lgan yuksak iftixor tuyg‘ulari bilan davom etdi.









