Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoxabar yuzasidan rasmiy munosabat
2026-07-16 10:35:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchi va Transport nazorati inspeksiyasi xodimlari ishtirokida, inspektorlar bodi-kamerasiz xizmat olib borayotgani haqidagi videoxabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Transport nazorati inspeksiyasi avtomobil, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten hamda yo‘l xo‘jaligi sohalarida davlat nazoratini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi bo‘lib, Inspeksiya xodimlari davlat fuqarolik xizmatchilari hisoblanadi.
Shu munosabat bilan jamoatchilikdan Inspeksiya xodimlarini Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati yoki ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari xodimlari bilan adashtirmasliklarini so‘raymiz. Zero, mazkur tuzilmalar vakolatlari hamda xizmat faoliyati turli normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan.
Transport nazorati inspeksiyasi xodimlari o‘z xizmat faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 668-son qarori asosida amalga oshiradi. Amaldagi tartibga ko‘ra, Inspeksiya inspektorlari uchun bodi-kameradan foydalanish majburiyati belgilanmagan.
Ayni paytda Inspeksiya rahbariyati inspektorlar faoliyatining shaffofligini ta’minlash, xizmat intizomi va nazorat tadbirlari samaradorligini yanada oshirish maqsadida barcha yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan inspektorlarni bosqichma-bosqich bodi-kameralar bilan ta’minlash choralarini ko‘rmoqda. Hozirda mazkur texnik vositalarning xarid qilish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar davom etmoqda.
2027-yil birinchi yarim yillikda Transport nazorati inspeksiyasi inspektorlari bodi-kameralar bilan to‘liq ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Transport nazorati inspeksiyasi
Axborot xizmati
